Yangiliklar
RASMIY MUNOSABAT
7-oktabr 2026-yil
Ijtimoiy tarmoqlarda “Sud tomonidan tegishli materiallar Farg‘ona shahar prokuroriga jo‘natilgan” hamda “bog‘chada bolani tok urishi ishida aybdorlar ko‘payishi mumkin” mazmunidagi xabar tarqalmoqda.
Mazkur holat yuzasidan Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi quyidagilarni ma’lum qiladi.
2026-yil 18-fevral kuni Farg‘ona shahridagi 66-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanuvchi, 2020-yilda tug‘ilgan R.A. kunduzgi sayr vaqtida baxtsiz hodisaga uchragan. Tarbiyalanuvchi tashkilot hududidagi elektr transformatori joylashgan hududda “kolodes” chuqurligiga tushib ketishi oqibatida kuyish tan jarohatini olgan.
Hodisadan so‘ng bolaga tashkilot hamshirasi tomonidan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, zudlik bilan shifoxonaga yetkazilgan.
Aniqlangan holatlarga ko‘ra, 66-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti hududida joylashgan elektr qurilmasi va uning atrofida xavfsizlik talablari tegishli darajada ta’minlanmagan.
Mazkur holat yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda surishtiruv va sud jarayonlari olib borilgan. Farg‘ona shahar sudining 2026-yil 23-iyundagi hukmiga asosan sudlanuvchilar N.R., J.M. va D.X.dan jabrlanuvchining qonuniy vakili Sh.Q. foydasiga 45 million so‘m miqdorida ma’naviy zarar undirish belgilangan.
Shuningdek, sud hukmiga asosan 66-sonli DMTT tarbiyachisi N.R. 2 yil muddatga, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan.
66-sonli DMTT direktoriga Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining buyrug‘i asosida intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan.
Jabrlangan bola va uning oilasiga zarur yordam ko‘rsatish ishlari ham amalga oshirilgan. Jumladan, Farg‘ona shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan Respublika shoshilinch tibbiy-ilmiy markazi Farg‘ona filialida davolanish davrida bola muntazam ravishda oziq-ovqat va dori-darmonlar bilan ta’minlangan.
Shuningdek, bolaning Toshkent shahrida davolanishi va tibbiy jarrohlik amaliyotidan o‘tishi uchun Farg‘ona shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan jami 29 million so‘m miqdorida moddiy yordam ko‘rsatilgan.
Farg‘ona shahar hokimligi tomonidan bolaning sog‘lig‘ini tiklash maqsadida “Chimyon” sanatoriyasiga 24 kunlik, 15 million so‘mlik yo‘llanma taqdim etilgan. Shuningdek, Bolalarni reabilitatsiya qilish markazida bepul davolanishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan.
Tibbiy jarrohlik amaliyotidan so‘ng ham bolaning reabilitatsiyasi bilan bog‘liq ishlar davom ettirilib, uni oziq-ovqat va dori-darmonlar bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. Pudratchi tashkilot rahbari tomonidan bola va uning qonuniy vakilining Toshkent shahriga borib-kelishi, mehmonxonada yashashi hamda boshqa zarur xarajatlari qoplab berilgan.
Shu bilan birga, pudratchi tashkilot tomonidan bolaning davolanishi uchun zarur mablag‘lar muntazam ravishda ajratib kelinmoqda.
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mazkur holatni jiddiy nazoratga olgan holda, bolalarning hayoti va sog‘lig‘i xavfsizligini ta’minlash, ta’lim tashkilotlari hududidagi xavfli obyektlar bo‘yicha xavfsizlik choralarini kuchaytirish yuzasidan tegishli choralarni ko‘rib kelmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarda keltirilgan “aybdorlar ko‘payishi mumkin” mazmunidagi ma’lumotlar bo‘yicha yakuniy huquqiy baho vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sud tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda berilishini ma’lum qilamiz.
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati.