Yangiliklar

.

O‘QITUVCHILAR MEHNATI YANA BIR BOR E’TIROF ETILDI

1-oktabr 2026-yil
image

1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Farg‘ona viloyatida bir guruh ta’lim fidoyilari «Xalq ta’limi fidoyisi» va «Xalq ta’limi a’lochisi» ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi.
Bugun Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan Farg‘ona shahridagi «Marg‘ilon soy» tadbirlar saroyida kasb bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosim tashkil etildi.
Tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari Xurshid Ahmedov ham ishtirok etdi.
Fayzli dasturxon atrofida sohada samarali va fidokorona mehnat qilayotgan o‘qituvchi va tarbiyachilar, ta’lim muassasalari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari, boshqarma xodimlari jam bo‘lishdi.
Marosimda viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Dolimov so‘zga chiqib, mamlakatimizda o‘qituvchi va murabbiylarga qaratilayotgan e’tibor, ularning mehnatini qadrlash hamda kasbiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi.
Shundan so‘ng boshqarma boshlig‘i ustoz va murabbiylarni kasb bayrami bilan samimiy muborakbod etib, taqdirlanganlarga mukofotlarni tantanali ravishda topshirdi.
Ma’lumot uchun, bayram munosabati bilan 17 nafar pedagog «Xalq ta’limi fidoyisi», 75 nafar o‘qituvchi esa «Xalq ta’limi a’lochisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Shuningdek, 96 nafar soha fidoyisiga viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining Faxriy yorliqlari va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tadbir davomida 50 nafar faxriy ustozga sayohat sertifikatlari taqdim etildi.
Tantanali marosimda koreyalik mehmonlar — «AHA Co., Ltd» kompaniyasi vakillari ham ishtirok etdi. Kompaniya rahbari Ku Gi Do viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasiga o‘z sovg‘alarini topshirdi. O‘z navbatida, boshqarma boshlig‘i Sherzod Dolimov mehmonlarga esdalik bayram sovg‘alarini taqdim etdi.
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati.

fargonammtb@uzedu.uz
@FVMMTB
@FarVMMTB
/fmmtb