Yangiliklar
TA’LIM MUASSASALARIDAGI SHAROITLAR VA TA’LIM-TARBIYA JARAYONLARI O‘RGANILMOQDA
16-oktabr 2026-yil
Bugun Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Dolimov tomonidan ta’lim muassasalaridagi mavjud sharoitlar, ta’lim-tarbiya jarayonlari hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holatini o‘rganish ishlari davom ettirildi.
Navbatdagi o‘rganishlar Farg‘ona tumanidagi 7-, 8-, 12- va 31-umumiy o‘rta ta’lim maktablari, shuningdek, 29-, 39-, 40- va 55-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida olib borildi.
O‘rganishlar davomida maktablarda o‘quvchilar, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida esa tarbiyalanuvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ta’lim-tarbiya jarayonlarining tashkil etilishi, o‘quvchilar davomati hamda darsdan tashqari to‘garaklar faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, ta’lim muassasalarida sog‘lom va xavfsiz ovqatlanishni tashkil etish, sanitariya-gigiyena talablariga rioya qilish, hududlarda tozalik va obodonlashtirish ishlarini olib borish hamda binolarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati ko‘zdan kechirildi.
O‘rganishlar jarayonida ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, o‘quvchi hamda tarbiyalanuvchilar uchun qulay va xavfsiz muhit yaratish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish masalalari ham muhokama qilindi.
Aniqlangan ayrim kamchiliklarni bartaraf etish, belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash va ta’lim muassasalarida ishlar samaradorligini yanada oshirish yuzasidan mas’ul rahbarlar hamda tegishli mutasaddilarga aniq ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Bunday o‘rganishlar ta’lim muassasalaridagi mavjud holatni joyida tahlil qilish, muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va ularni bartaraf etish orqali ta’lim-tarbiya sifatini yanada yaxshilashga qaratilgan.
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati.