Yangiliklar
G‘OLIBLAR TAQDIRLANDI
11-may 2024-yil
Xabaringiz bor, Farg‘ona viloyati prokurori tashabbusi bilan viloyatdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 5-6-sinf o‘quvchilari o‘rtasida "Prokuror sovrini uchun" matematika fanidan onlayn olimpiada o‘tkazildi.
Mazkur bilimlar bellashuvi viloyat prokuraturasi va Xalqaro Nordik universiteti hamkorligida tashkillandi.
Tashkilotchilarning ma’lumot berishicha, tadbirda qatnashish uchun viloyatdagi 950 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 50 mingdan ziyod o‘quvchilari ro‘yxatdan o‘tgan.
Adolatli, shaffof, inson omilisiz onlayn o‘tkazilgan ushbu olimpiadada 17242 nafar 5-6-sinf o‘quvchilari muvaffaqiyatli qatnashgan.
Bilimlar sinovining shahar va tuman bosqichida 114 nafar g‘oliblar aniqlanib, sovrinli 1-2-3-o‘rinlarni egallashga muyassar bo‘lishdi.
Bellashuvning viloyat bosqichida ham ko‘plab iqtidorli o‘quvchilar faol qatnashgan va ulardan 6 nafari yuqori natija ko‘rsatib, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritishgan.
Bugun viloyat prokuraturasida olimpiada g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat prokurori Baxtiyorjon Ismoilov, viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Dolimov, Xalqaro Nordik universiteti vakillari, g‘olib o‘quvchilar, ularning o‘qituvchilari, ota-onalari hamda maktab direktorlari qatnashdilar.
Tadbirda "Prokuror sovrini uchun" matematika fanidan o‘tkazilgan olimpiada g‘oliblariga faxriy yorliq, noutbuk, planshet, ularning ustozlari va ota-onalariga sara kitoblar jamlanmasi hamda viloyat prokurorining tashakkurnomalari tantanali topshirildi.
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati.