Yangiliklar
Bugun O‘zbekiston tumanida 70-umumiy o‘rta ta’lim maktabi uchun 330 o‘rinli yangi o‘quv binosi va zamonaviy sport zali foydalanishga topshirildi.
19-dekabr 2024-yil
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirda tuman hokimi Sherzodjon Yuldashev, sektor rahbarlari, viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Dolimov, maktab jamoasi, o‘quvchilar, ularning ota-onalari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Maktab 1979-yilda sobiq davlat xo‘jaligi tomonidan hashar yo‘li bilan qurilgan moslashtirilgan binosida o‘tgan davr mobaynida foydalanib kelingan. Bu esa o‘z-o‘zidan o‘quvchilarni munosib sharoitda tahsil olishida ko‘plab noqulayliklarni keltirib chiqargan.
Davlat investitsiya dasturi asosida 1 milliard 600 million so‘m mablag‘ evaziga maktab uchun 3 qavatli 300 o‘rinli yangi o‘quv binosi hamda 12x24 hajmdagi sport zali bunyod etilib, zamonaviy jihozlandi.
Yangidan barpo etilgan ushbu ta’lim maskani binosi mahalla ahli, ayniqsa, o‘quvchi-yoshlar uchun Yangi yil arafasida chinakam bayram sovg‘asi bo‘ldi. Endilikda, yosh avlod vakillari barcha sharoit va imkoniyatlar muhayyo etilgan ta'lim maskanida munosib bilim olishadi.
Yangi o‘quv binosida yaratilgan sharoitlar bilan tanishish jarayonida mehmonlar o‘quvchilar bilan suhbatlashdi. Yoshlarimizga yaratilayotgan bunday imkoniyatlardan unumli foydalangan holda chuqur bilim olib, kelajakda yetuk mutaxassis va komil inson bo‘lib yetishlariga tilaklar bildirildi.
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi Axborot xizmati.