Sayt test rejimida ishlamoqda

Yangiliklar

.

RASMIY MUNOSABAT

21-yanvar 2025-yil
image

Ijtimoiy tarmoqlarda pedagog xodimlarga berilgan ustamalar hujjatlarini o‘rganish jarayonlari keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. 

Mazkur o‘rganishlar fuqaro murojaati asosida tegishli tashkilot tomonidan olib borilayotganligini ma’lum qilamiz.

Barchamizga ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentyabrdagi 823-sonli “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq, maktab Ishchi guruhlari tomonidan har yili 1-iyulga qadar umumta’lim muassasasining har bir pedagog, psixolog va kutubxona xodimlari faoliyatini baholaydi va navbatdagi o‘quv yili uchun ijobiy natija ko‘rsatgan pedagog, psixolog va kutubxona xodimlari bazaviy tarif stavkasiga har oylik ustama miqdorini belgilanishi ko‘rsatilgan.

Ushbu Qaror bilan tasdiqlangan “Ta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasini tashkil etish va uning mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 9-bandiga asosan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq (Maktabgacha va maktab) ta’limi vazirligi, Toshkent shahar xalq (Maktabgacha va maktab) ta’limi bosh boshqarmasi va viloyatlar xalq (Maktabgacha va maktab) ta’limi boshqarmalari, tuman (shahar) xalq (Maktabgacha va maktab) ta’limi bo‘limlari Ishchi guruhining faoliyatiga va ular qabul qilgan qarorlarga aralashmaslik ta’kidlangan. Shunday ekan, ustama belgilash jarayonida Ishchi guruh tomonidan adolatli qarorlar qabul qilingan hamda me’yoriy hujjatlarda soxtalashtirish holatiga yo‘l qo‘yilmagan, barcha asoslovchi hujjatlar talab darajasida Ishchi guruh tomonidan shakllantirilgan bo‘lsa, pedagog-xodimning ustamasini bekor qilish yoki to‘langan mablag‘ini qaytarishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shuningdek, Qarorning 16-bandiga asosan, umumta’lim muassasasi pedagog, psixolog va kutubxona xodimlarining bazaviy tarif stavkasiga har oylik ustama belgilash, xodimlarni mukofotlash va ularga moddiy yordam ko‘rsatishning to‘g‘ri, xolis va adolatli amalga oshirilishi uchun javobgarlik Ishchi guruh rahbari zimmasiga yuklatilishi belgilab qo‘yilgan.

Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi Axborot xizmati.

fargonammtb@gmail.com
@FVMMTB
@FarVMMTB
/fmmtb