Yangiliklar
RASMIY MUNOSABAT
31-yanvar 2025-yil
Ijtimoiy tarmoqlarda “Qo‘qon shahridagi 2-maktab o‘qituvchilaridan ehsonga deb majburlab 100 mingdan pul yig‘ilmoqda ekan” mazmunda xabar tarqatildi.
Mazkur holat yuzasidan Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi ishchi guruhi o'rganish olib bordi.
Qo‘qon shahar 2-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘tgan 2024-yilda O‘zAvtosanoat AJ homiyligi asosida joriy ta’mirlashdan chiqarilgan. Qurilish-ta’mirlash ishlariga uch milliard so‘mdan ortiq homiylik mablag‘lari sarflangan.
Bunyodkorlik ishlari 2024-yilning kuz mavsumida amalga oshirilgan. Ta’lim maskani mazkur yilning sentyabr oyida faoliyatini davom ettirgan.
O‘rganish jarayonida maktabda faoliyat olib borayotgan o‘qituvchilar va mutasaddilar bilan suhbat qilindi.
Muloqot chog‘ida maktab direktori Z.O. tashabbusi bilan 2024-yilning 5-avgust kuni jamoa yig‘ilishi o‘tkazilib, amaldagi tartibga zid ravishda o‘qituvchilar hisobidan muassasa binosining derazalari uchun jalyuzi pardalar sotib olishga qaror qilingan.
Shuningdek, yuqorida ko‘rsatilgan maqsadda pul yig‘ish haqida o‘qituvchilaridan yozma tartibda rozilik olinmagan, boshlang‘ich kasaba uyushmasi ham bu masalani muhokama qilmagan.
Amaldagi tartibga zid ravishda yig‘ilgan pullar maktabning maxsus hisob raqamiga tushirilmagan, tadbirkor bilan yozma shartnoma imzolanmagan, yig‘ilgan pullar tadbirkorning plastik kartasiga o‘tkazib berilganligi aniqlandi.
O‘rganish jarayonida yig‘ilgan va tuzilgan hujjatlar maktab rahbariyatiga intizomiy jazo chorasi ko‘rish uchun tegishli tartibda taqdim etilganligini ma’lum qilamiz.
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi Axborot xizmati.