Sayt test rejimida ishlamoqda

Yangiliklar

.

#tashabbuskor_ustoz

16-fevral 2025-yil
image

“Yangilik yaratmagan pedagog faqat maosh uchun harakatlanayotgan bo‘ladi”

Farg‘ona viloyati, Uchko‘prik tumanidagi 29-maktabning oliy toifali, ingliz tili fani o‘qituvchisi Nafisa Ortiqovaning  o‘quvchilari fan olimpiadalari, "Barkamol avlod festivali" hamda "Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab" tanlovlarida tuman va viloyat miqyosida faxrli o‘rinlarni egallab kelmoqda.

 Pedagog o‘quvchilarga dars berishdan tashqari ingliz tili fanidan kasbiy rivojlanish kunlarida  mentor o‘qituvchi sifatida faoliyat yuritadi. 

Nafisa Ortiqova ijtimoiy tarmoqlarda ham juda faol. Xususan,  telegram ijtimoiy tarmog‘idagi  kanalida 17 mingdan ziyod ingliz tili ustozlariga metodik yordam ko‘rsatib kelmoqda.

 Kitob o‘qish, interaktiv metodik o‘yinlar yaratish, fanimga doir qo‘llanma, ko‘rgazma va tarqatma resurslar tuzish, to‘plash jon-u dilim, - deydi Nafisa Ortiqova,— O‘zim ko‘proq kitob o‘qib, ijtimoiy tarmoqlardagi yangiliklardan xabardor bo‘lsam o‘quvchilarni dunyoqarashim bilan zabt etishim mumkinligini his qilaman. Chunki yangi zamon bolalarini usulingiz, fikrlash tarzingiz bilan hayratlantirmasangiz darsga diqqatini torta olmaysiz. 

 Pedagogning "Uchtasi birda", "O‘tirishga ruxsat ol", "Kim ekan?", "Quvvatimni to‘ldir", "Qaysi qo‘limda, top!" kabi metodik o‘yinlari hamkasblari orasida ommalashgan. 

Muallimaning fikricha, o‘z ustida ishlamagan, yangilik yaratmagan pedagog faqat maosh uchun harakatlanayotgan bo‘ladi. Vaholanki, o‘qituvchilik missiyasi o‘zini va boshqalarni muntazam o‘zgartirishga hissa qo‘shishdan iborat.

fargonammtb@gmail.com
@FVMMTB
@FarVMMTB
/fmmtb