Yangiliklar
Farg‘onada yana bir maktab zamonaviy tus oldi
28-fevral 2025-yil
Beshariq tumani "Oltinko‘l" mahalla fuqarolari yig‘ini hududida joylashgan 40-maktabning zamonaviy qiyofadagi yangi to‘rt qavatli binosi foydalanishga topshirildi.
Tantanali marosimda tuman hokimi, sektorlar rahbarlari, mahalla faollari, jamoatchilik vakillari, faxriy o‘qituvchilar hamda maktab jamoasi ishtirok etdilar.
Tadbirda so‘z olganlar yangi bino, yangi imkoniyatlar va sharoitlar bilan maktab jamoasi hamda mahalla ahlini qutlab, zamon talablari asosida bunyod etilgan o‘quv binosining zarur moddiy-texnik imkoniyati yosh iste’dodlarni yuzaga chiqarishga xizmat qilishi va barkamol avlodga yuqori sifatli ta’lim olishi uchun zamin hozirlashini ta’kidlashdi.
Viloyatning chekka tumanida joylashgan mazkur maktabning bunyodkorlik ishlariga davlatimiz tomonidan 8,2 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflanib, 750 o‘quvchi o‘ringa mo‘ljallangan o‘quv binosi va sport zal yangitdan qurildi.
Marosimda ramziy lenta qirqilgach, mehmonlar inshoatda ertamiz egalari uchun yaratilgan shart-sharoit bilan yaqindan tanishdilar va bunday sharoitlarda o‘quvchilar yanada yuksak marralarga erishishlari uchun ezgu tilaklar bildirishdi.
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi Axborot xizmati.