Yangiliklar
RASMIY MUNOSABAT
13-mart 2025-yil
Ijtimoiy tarmoq sahifalarida Farg‘ona viloyatda menejerlik sertifikatiga ega bo‘lganlar hatto vaqtinchalik bajaruvchi etib ham tayinlanmayotgani, xususan, Qo‘qon shahrida bo‘sh turgan maktab direktorligi lavozimlariga menejerlik sertifikatiga ega bo‘lgan shaxslar emas, balki hech qanday menejerlik sertifikati yo‘qlar vaqtincha bajaruvchi direktor etib tayinlangani tanqid ostiga olingan.
Holat yuzasida Farg‘ona viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi quydagilarni ma’lum qiladi:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktori lavozimiga nomzodlari menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish va ularga menejerlik sertifikatini berish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida” 2023-yil 25-dekabrdagi 681-son qaroriga muvofiq nomzodlar bir oylik menejerlik o‘quv kursini tamomlab, menejerlik sertifikatiga ega bo‘lgan nomzodlar O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari Direktorlar kengashi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi buyruqqa muvofiq tasdiqlangan Nizom talablari asosida suhbatdan o‘tkaziladi.
Viloyat Direktorlar kengashi tomonidan o‘tkazilgan suhbat bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘iga maktab direktori lavozimiga tayinlash bo‘yicha tavsiyanioma kiritiladi.
Murojaatda ko‘rsatib o‘tilgan Qo‘qon shahridagi mavjud bo‘sh (vakant) maktab direktori lavozimlari 2024-yil davomida ManejerUxEdu.uz platformasi orqali 11 marotaba e’longa ochilgan bo‘lib, ushbu e’lonlar bo‘yicha;
- 2024 yilning 23-iyul kunidan 27-iyul kuniga qadar 5 kun muddatda e’longa ochilgan Qo‘qon shahar 26-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori lavozimiga menejerlik sertifikatiga ega bo‘lgan M.X. ariza topshirgan, maktab yashash manzilidan uzoqligi sababli nomzod tomonidan ariza qaytarib olingan;
Shuningdek, Direktorlar kengashi tomonidan 2024-yil 30-avgust kuni o‘tkazilgan suhbatda ariza topshirgan B.A. sinovdan o‘tolmagan, 2024-yil 4-noyabr kuni o‘tkazilgan suhbatda ikki nafar nomzod savollarga yetarli darajada javob bera olmaganligi sababli, ushbu lavozimga tavsiya etilmagan, 2024-yil 18-noyabrda ham Qo‘qon shahar 4-maktab direktori lavozimiga menejerlik sertifikatiga ega bo‘lgan B.Abduraxmonov ariza topshirgan, ushbu nomzod Farg‘ona viloyati Direktorlar kengashi tomonidan o‘tkazilgan suhbatda savollarga yetarli darajada javob bera olmaganligi sababli, ushbu lavozimga tavsiya etilmagan.
Shuningdek, Qo‘qon shahridagi mavjud bo‘sh (vakant) maktab direktori lavozimlari 2025-yilning o‘tgan davrida ham 3 marotaba ManejerUxEdu.uz platformasi orqali e’longa ochilgan bo‘lib, Farg‘ona viloyati Direktorlar kengashi tomonidan o‘tkazilgan suhbatdan 1 nafar nomzod o‘ta olmadi, 1 nafar nomzod suhbatga kelmadi.
Murojaatchini o‘z murojaatida aniq bir maktab ko‘rsatilmagan, lekin menejerlik sertifikatiga ega bo‘lgan nomzodlarni biror maktabga vaqtincha direktor vazifasini bajaruvchi etib tayinlanishi hech qaysi me’yoriy hujjatlarda ko‘rsatilmagan.
Menejerlik sertifikatiga ega bo‘lgan nomzodlar Direktorlar kengashining suhbat bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tsa, boshqarma boshlig‘i buyrug‘iga asosan, mazkur maktab direktori lavozimiga tayinlanishi belgilab qo‘yilgan.
Farg‘ona viloyati Direktorlar kengashi tomonidan o‘tkazilayotgan suhbat jarayonlari bevosita vazirlik tomonidan kuzatuvchi ishtirokida audio va video holatda yozib olinadi, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktori lavozimlarini yuksak axloqiy fazilatlarga, yuqori malaka va tajribaga, boshqaruvchilik qobiliyatiga ega rahbar kadrlar bilan ta’minlashga erishib kelinmoqda.
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati.