Yangiliklar
SOHANI BIRGALIKDA KORRUPSIYASIZ TIZIMGA AYLANTIRAMIZ!
13-mart 2025-yil
Joriy yilning 5-mart kuni o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning kengaytirilgan yig‘ilishida davlatimiz rahbari tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida bugun viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi faollar zalida “Korrupsiyaga qarshimiz” mavzusida ochiq muloqot tashkillandi.
Unda viloyat prokurorining katta yordamchisi Sirojiddin G‘oziyev va viloyat prokurorining yordamchisi Husanjon Rahimjonov hamda boshqarma apparat xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbir avvalida viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Dolimov kun tartibidagi masala yuzasidan gapirib o‘tgan vaqt mobaynida tizimda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Shundan so‘ng korrupsiyaning ayanchli oqibatlariga to‘xtalib o‘tildi.
Ochiq muloqotda viloyat prokurorining katta yordamchisi Sirojiddin G‘oziyev so‘zga chiqib, Davlatimiz Rahbarining shu yil 5-mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida ishtirok etib, yurtimizda korrupsiyadan holi muhit yaratish bo‘yicha qilingan ishlarga baho berilganligi va kelgusida qilinishi lozim bo'lgan vazifalarning mazmun-mohiyati tushuntirildi. Prezidentimizning ushbu yig‘ilishdagi chiqishi jamiyatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida yangi bosqichni boshlab berganini alohida ta’kidladi.
Tadbirda so‘z olgan viloyat prokuroriningyordamchisi Husanjon Rahimjonov Korrupsiya xalqning davlatga, Konstitutsiya va qonunlarga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazishini qayd etib, korrupsiyaga qarshi kurashdagi me’yoriy-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyati to‘g‘risida so‘z yuritdi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining “Pora olish”, “Pora berish” va “Pora olish-berishda vositachilik qilish” moddalarida aynan korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar uchun javobgarliklar ko‘zda tutilganligini yana bir bor eslatdi. Korrupsiya har qanday jinoyat kabi davlat va jamiyatning barqarorligi, tinchligi, ayniqsa taraqqiyoti uchun xavfli hisoblanishi, unga qarshi nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar, balki barcha hamkorlikda kurashsa, bu illatning ildizini quritishga erisha olinishiga urg‘u berdi.
Muloqotda boshqarmaning Korrupsiyaga qarshi kurashish va huquqiy nazorat sho‘basi bilan viloyat prokuraturasi hamkorlikda amalga oshirayotgan ishlar ham e’tirof etildi.
Tadbir so‘ngida ishtirokchilar savollariga soha mas'ullari atroflicha javoblar berishdi.
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi Axborot xizmati.