Sayt test rejimida ishlamoqda

Yangiliklar

.

21-mart — “Xalqaro Navro'z kuni” 

20-mart 2025-yil
image

 Yangilanish va yasharish fasli bo‘lgan bahor ilk oylaridayoq bir necha bayramlarni tuhfa qiladi. Shu boisdan ham barchamiz bu faslni intiqlik bilan kutamiz.

Mana shunday dillarga quvonch baxsh etadigan bayramlarning biri — "Navro‘z"dir. Odamlar uni tabiatning uyg‘onishi, hayot tantanasi, saxovatli hosildor yilga bo‘lgan umidlar bayrami, deb bilgan.

Fors tilidan tarjimada "Navro‘z" "yangi kun" degani, u yangi yil boshlanishini bildiradi. 21-mart – bu, bahorgi teng kunlik. Shu kuni yarim sharlar bo‘yicha yil fasllari almashadi: agar janubiy yarim sharda kuz kelsa, shimoliy yarim sharda – bahor bo‘ladi.

Yurtimizda bu bayramga xalqimiz puxta tayyorgarlik ko‘radi. 

Navro‘z arafasida mahallalarda hasharlar o‘tkaziladi, odamlar birgalikda ariqlarni tozalaydi, daraxtlarni oqlaydi, tomorqalarga belkurak bilan ishlov berishadi.
Har bir mahallaning o‘z choyxonasi bor.
 
Choyxonalarda "Navro‘z" bayrami nishonlanadi, katta qozonlarda mazali taomlar pishiriladi. Bayramga shu mahallada va qo‘shni mahallalarda istiqomat qiluvchi fuqarolar taklif etiladi. 

Ushbu bayramning asosiy taomi – bu, sumalak. Sumalak tayyorlash jarayoni – butun bir marosim hisoblanadi.

Odatda sumalak ko‘chada ulkan o‘choq va doshqozonda yog‘och kapgir bilan aralashtirgan holda 10 soatdan ortiq vaqt davomida ko‘pchilik tomonidan tayyorlanadi, chunki suyuqlikni muntazam ravishda aralashtirib turish lozim, bu esa bir kishi uchun qiyinlik qiladi. 

An’anaga ko‘ra, qaynash jarayoni quvnoq qo‘shiqlar, hazillar va laparlar bilan kechadi. 

Umuman olganda "Navro‘z" shunchaki bayram emas. "Navro‘z" necha asrlardan buyon nishonlanib kelayotgan bo‘lsa, u qanchalik quvnoq va shodon o‘tsa, tabiat ham odamlarga shunchalik saxiy bo‘ladi, degan rivoyat ham shuncha asrlardan buyon mavjud. Shu bois, bayram kuni "Navro‘z" qo‘shiqlari baralla yangraydi, odamlar o‘yin-kulgu qiladi, bahorga shon-sharaflar o‘qiydi, bir-biriga sovg‘alar hadya qiladi, yetimlar va ehtiyojmandlarga yordam beradi.

Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi Axborot xizmati.

fargonammtb@gmail.com
@FVMMTB
@FarVMMTB
/fmmtb