Yangiliklar
RASMIY MUNOSABAT
5-iyul 2024-yil
Ijtimoiy tarmoqda “Shohimardon va Yordon qishloq maktablarida ta’mirlash uchun 20 ming so‘mdan pul yig‘ilayotgani, maktablardagi ta’lim sifati va oziq-ovqat ta’minotidagi muammolar, yerlar tadbirkorlarga sotilgani, maktab va bog‘chalarga bir so‘m ham ajratishmayotgani" iddao qilingan.
Holat tegishli tartibda o‘rganib chiqildi.
Shohimardon va Yordon maktablari Qirg‘iziston Respublikasi bilan o‘ralgan anklav hududda joylashgan. Ushbu hududda 1- va 2-umumiy o‘rta ta’lim maktablari hamda 5-, 6-Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyat olib boradi. Mazkur ta’lim muassasalari bugungi kunda eng zamonaviy kompyuter texnikalari, talabdagi moddiy-texnik baza bilan ta’minlangan.
O‘quvchi va tarbiyalanuvchilar uchun zamonaviy bino va sport seksiyalari mavjud.
O‘tgan 2023-yil davomida va bugungi kunda ushbu ta’lim muassasalarida ko‘plab qurilish ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
1-umumiy o‘rta ta’lim maktabida viloyat hokimi tashabbusi bilan 270 million so‘m pul mablag‘lari hisobiga maktabning barcha mebel jihozlari yangilandi.
Farg‘ona tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan 2024-2025-o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rish jarayonlarini amalga oshirish uchun bo‘yoq hamda emulsiya berilib, bugungi kunda maktab binosi yangi o‘quv yiliga tayyor holatga keltirilgan.
Farg‘ona viloyati hokimining VI 56-41-11-0-K/23-sonli qaroriga asosan Yordon qishlog‘ida joylashgan 2-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga yangi 12x24 o‘lchamli sport zali qurish uchun 2 milliard 520 million so‘m mablag‘ mahalliy byudjet hisobidan ajratilib, qurilish ishlari olib borilmoqda.
Ushbu qishloqdagi 5-Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida ham bolajonlar uchun barcha sharoitlar yetarli.
O‘tgan 2023-yilda tuman maktab va maktabgacha ta’lim bo‘limi tomonidan 9 150 000 so‘mlik yumshoq jihozlar to‘plami, 5 555 200 so‘mlik qattiq jihozlar to‘plami olib berildi.
Shuningdek, bu hududda viloyat mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan zamonaviy talablarga javob beradigan 4 milliard so‘mlik pul mablag‘lari hisobiga yangi 120 o‘rinli Davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti binosi qurilishi ishlari yakuniga yetkazilmoqda.
Shohimardon qishlog‘idagi 6-Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga ham jihozlar uchun 50 000000 so‘m mablag‘ ajratildi, bundan tashqari, DMTT hududi to‘liq devor bilan o‘raldi.
Yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlari amalga oshirilishi yuzasidan ota-onalardan hech qanday moddiy mablag‘ talab etilmagan.
.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovi miqdorlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 246-sonli qaroriga asosan anklav Shohimardon va Yordon qishloqlarida joylashgan 5- va 6-Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ota-onalar to‘lov miqdori 50 % to‘lanishi belgilangan.
Har bir bola uchun SANPIN talablariga muvofiq taomnoma bo‘yicha mahsulotlar berilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqda tarqatilgan xabar vajlari o‘z asosini topmaganini ma’lum qilamiz.
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi Axborot xizmati.