Yangiliklar
Farg‘ona viloyati ta’lim delegatsiyasi Yaponiyada
1-iyul 2024-yil
Farg‘ona viloyati hokimi tashabbusi bilan viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi "Yaponiya ta’lim metodikasi joriy qilingan 19 ta maktablarda faoliyat olib borayotgan maktab direktorlari hamda o‘qituvchilardan iborat ta’lim delegatsiyasi Yaponiyada bo‘lib turibdi. Mazkur delegatsiya a’zolari joriy yilning 29-iyun kuni kunchiqar mamlakatda o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasida boshladilar.
Elchixonada asli o‘zbekistonlik ta’lim fidoyisi Tokio Universiteti yapon tili o‘qituvchisi Feruza Normatovaning "Yaponiya maktab ta’limi" to‘g‘risidagi ma’ruzasi bilan tanishildi, shuningdek, ushbu mamlakatning ta’lim metodikasi masalasida fikr-mulohazalar tinglandi.
Tashrif doirasida Farg‘ona viloyatidan kelgan ta’lim delegatsiyasi "Yaponiya-O‘zbekiston" do‘stlik jamiyatining umumiy yig‘ilishida ishtirok etishdi.
Unda viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Dolimov "Farg‘ona ta’lim tajribasi" mavzusida chiqish qildi.
Sherzod Dolimov Farg‘ona viloyatida 19 ta tuman-shahardagi umumta’lim maktabida 1 tadan maktabda Yaponiya ta’lim metodikasi asosida o‘qitish joriy etilganligi, ta’lim maskanlarida yaratilgan barcha shart-sharoitlarga hudud hokimliklari mas’ul bo‘lib, mablabg‘ ajratganini alohida e’tirof etdi.
Tadbirda boshqarma boshlig‘i tomonidan elchixona mas’ullari hamda yaponiyalik faxriy ustozlarga milliy sovg‘alar taqdim qilindi.
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi Axborot xizmati.