Sayt test rejimida ishlamoqda

Yangiliklar

.

Bugun Farg‘ona shahridagi “Afrosiyob” tantanalar majmuasida taqdirlash marosimi tashkil etildi

25-avgust 2025-yil
image

Tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, viloyat prokurori, viloyat ichki ishlar boshqarmasi, Adliya, Milliy gvardiya hamda viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rahbarlari, faxriy ustozlar, viloyat hokimi sovrini uchun o‘tkazilgan “Yilning eng yaxshi o‘qituvchisi” va “Yilning eng iqtidorli o‘quvchisi” tanlovida faxrli 1-3-o‘rinlarni qo‘lga kiritgan o‘qituvchilar va maktab o‘quvchilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdilar.

Marosimda so‘z olgan viloyat hokimi respublikamizda ta’limga berilayotgan katta e’tibor va yaratilayotgan keng imkoniyatlar xususida gapirib, viloyatimizda sohada amalga oshirilayotgan ishlar va qo‘lga kiritilgan bir qator yutuqlarga to‘xtalib o‘tdi. O‘zining mashaqqatli mehnati, ijodiy salohiyati bilan jamiyatimiz rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan o‘qituvchi-murabbiylar safi kengayib borayotganini e’tirof etdi.

Tadbir avvalida viloyat hokimi tomonidan Prezident sovrini uchun oʻtkazilayotgan “Xorijiy tillarni oʻqitish boʻyicha eng yaxshi maktab” tanlovining viloyat bosqichi g‘oliblari taqdirlandi. 
Viloyat hokimi tashabbusi bilan 2024-2025-o‘quv yilida ta’lim sohasida sog‘lom raqobat va ilg‘or tajribalarni yanada ommalashtirish maqsadida muallimlar o‘rtasida “Yilning eng iqtidorli o‘qituvchisi” hamda o‘quvchilar o‘rtasida “Yilning eng iqtidorli o‘quvchisi” tanlovlari tashil etildi. 

Mazkur bellashuvlarda 27 mingdan ortiq o‘qituvchilar va 73 ming nafar iqtidorli o‘quvchilar faol qatnashdilar. Tanlov natijasiga ko‘ra, 36 nafar fidoyi ustozlar va 63 nafar iqtidorli va iste’dodli o‘quvchilar g‘olib, deb topildi.
Bugungi tadbir davomida  yuqori natijalarga erishgan va 1-o‘rinni egallagan 12 nafar ustozlarga 50 million so‘mdan, 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan 12 nafar ustozlarga 30 million so‘mdan  va uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan 12 nafar ustozga  20 million so‘mdan  pul mukofoti va viloyat hokimining tashakkurnomasi  hamda  21 nafar 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan o‘quvchiga 15 million so‘mdan, 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan 21 nafar o‘quvchiga 10 million  so‘mdan va 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan 21 nafar o‘quvchiga 5 million so‘mdan pul mukofoti va viloyat hokimining tashakkurnomasi tantanali ravishda topshirildi.

Tadbir davomida fidokor faxriy ustozlarning sohaga ko‘magi ham e’tirof etilib, bir qator nuroniylarimizga va kuni kecha Qirg‘iz respublikasining Issiq ko‘l viloyatida sportning futbol turi bo‘yicha xalqaro turnirda g‘olib bo‘lgan o‘quvchilarga ham esdalik sovg‘alar topshirildi.

To‘kin dasturxon atrofidagi gurung va suhbatlar hamda viloyatimizdagi taniqli san’atkorlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar, go‘zal taronalar esa o‘yin-kulgularga ulanib, tadbir ishtirokchilariga xush  kayfiyat bag‘ishladi.

Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati.

fargonammtb@gmail.com
@FVMMTB
@FarVMMTB
/fmmtb