Yangiliklar
HAMKORLIKDA TADBIR
26-avgust 2025-yil
Yoshlar va voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish dolzarb vazifa.
Mamlakatimizda voyaga yetmaganlar huquq-erkinliklarini ta’minlash, ularning qonuniy manfaatlarini muhofaza etish, eng asosiysi, barkamol avlodni tarbiyalash masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Voyaga yetmaganlar manfaatlarini himoya qilish borasida mustahkam huquqiy baza yaratilgani samarali ijtimoiy himoya tizimini joriy etish hamda yoshlarni moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlashda muhim omil bo‘lmoqda. Ayni paytda mamlakatimiz aholisining 40 foizini voyaga yetmaganlar tashkil etadi. Ushbu ko‘rsatkichning o‘ziyoq masala nechog‘li dolzarb ahamiyatga ega ekanidan darak beradi. Bu jarayonda ota-ona, mahalla-ko‘y, ta’lim muassasalari, huquq-tartibot idoralari, umuman, keng jamoatchilik zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklanadi.
Bugun Farg‘ona shahridagi 46-umumiy o‘rta ta’lim maktabida Farg‘ona, Marg‘ilon, Quvasoy shaharlari, Quva, Oltiariq, Farg‘ona, Toshloq, Yozyovon, Qo‘shtepa va So‘x tumanlarining barcha maktab direktorlari hamda ichki ishlar masʼul xodimlari ishtirokida "2025/2026-o‘quv yilida voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish" borasida navbatdagi amaliy seminar tashkil etildi.
Unda viloyat hokimi o'rinbosari Sherzodbek Polvonov, Farg‘ona viloyati IIB rahbariyati, viloyat Maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi boshlig'i Sherzod Dolimov ishtirok etishdi.
Tadbirda ma’ruzachilar tomonidan hozirda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar haqida hamda yoshlar va voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish chora-tadbirlari va bu borada qabul qilingan Qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati to‘g‘risida to‘xtalib, huquqiy tushunchalar berildi.
Sherzod Dolimov o‘z so‘zida o‘quvchilar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, ularning huquqiy savodxonligini oshirish, ularni Vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, joylarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligi hamda tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish, yoshlarning huquqiy madaniyatini yaxshilash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi, sportga va ko‘proq kitob o‘qishga jalb qilish, ta’lim muassasalari, mahalla va ota-onalar o‘rtasida doimiy ravishda hamkorlik bo‘lishi muhimligini alohida ta’kidladi.
Tadbirning yakuniy qismi Farg'ona shahar Islom Karimov nomidagi san'at saroyida tashkillandi.
Yalpi yig'ilish davomida yoshlar orasida huquqbuzarliklarning oldini olish uchun huquqiy targ‘ibot tadbirlarini hamkorlikda o‘tkazilishini muntazam va yanada kengaytirish lozimligi e’tirof etildi.
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi Axborot xizmati.