Sayt test rejimida ishlamoqda

Yangiliklar

.

RASMIY MUNOSABAT

10-oktabr 2025-yil
image

Ijtimoiy tarmoqlarda “Farg‘ona shahridagi maktablarda ta’lim 2-o‘rinda, 1-o‘rin – "Oxrananing oyligi" mazmunida tarqatilgan xabar yuzasidan Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi quyidagilarni ma’lum qiladi.
Tarqatilgan xabarda Farg‘ona shahridagi ayrim maktablarda “qo‘riqlash xizmati” uchun ota-onalardan majburiy ravishda 40–50 ming so‘mdan pul yig‘ilayotgani, to‘lov amalga oshirilmaganda bolalar “ko‘chada o‘qishga majbur qilinayotgani” haqida iddaolar bildirilgan.

Ma’lum qilamizki, Farg‘ona shahridagi 2-, 4-, 6-, 8-, 19-, 21-, 24-, 26-, 40- va 41-umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ota-onalar tashabbusi, ularning yozma roziligi hamda maktab Kuzatuv kengashi qarori asosida ta’lim muassasalari hududi xavfsizligini ta’minlash maqsadida qo‘riqlash tashkilotlari bilan shartnomalar imzolangan.

Ushbu shartnomalarga ko‘ra, qo‘riqlash xizmatiga to‘lov miqdori ota-onalarning imkoniyatlaridan kelib chiqib bir o‘quvchi uchun oyiga 3 500 so‘mdan 10 000 so‘mgacha miqdorda ixtiyoriy asosda belgilangan.

Shuningdek:
Kam ta’minlangan oilalar farzandlari, yoki ota-onasidan biri yo‘q bo‘lgan bolalar, 
nogironligi bo‘lgan bolalar;
Bir oiladan ikki va undan ortiq farzandi ushbu maktabda ta’lim olayotgan oilalar
qo‘riqlash xizmatidan bepul foydalanmoqda.

Qo‘riqlash xizmatiga to‘langan mablag‘larni yig‘ish va ularni rasmiylashtirish ota-onalar kengashi vakili orqali amalga oshiriladi. Mablag‘lar har oyda to‘lov hujjati (kvitansiya) asosida qo‘riqlash tashkilotining maxsus hisob raqamiga o‘tkaziladi.

Mazkur jarayonda hech qanday majburiy pul yig‘imiga yo‘l qo‘yilmydi va bu qat’iyan taqiqlanganini ma’lum qilamiz.

Hurmatli ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, OAV vakillari va blogerlar!

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq, har kim axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega. Biroq haqiqatga mos kelmaydigan, tekshirilmagan va asossiz ma’lumotlarni tarqatish qonunchilikka muvofiq ma’muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin ekanini eslatib o‘tamiz.

Rasmiy axborotlarni Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining rasmiy manbalari orqali kuzatib borishingizni so‘raymiz.

Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati.

fargonammtb@gmail.com
@FVMMTB
@FarVMMTB
/fmmtb