Yangiliklar
RASMІY MUNOSABAT
24-oktabr 2025-yil 
Ijtimoiy tarmoqlarda "Ko‘ring, faqat yo‘glamang..." sarlavhasi ostida tasvirli xabar tarqatildi.
Unda Marg‘ilon shahrida joylashgan 8-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ta’mir ishlari tugamayotgani, o‘quvchilar vayronaga aylangan va tozalanmagan hojatxonadan foydalanayotgani, darslar ko‘chada o‘tayotgani haqida iddaolar bildirilgan.
Holat yuzasidan Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi quyidagilarni maʼlum qiladi:
Marg‘ilon shahar 8-umumiy o‘rta ta’lim maktabi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan Investitsiya dasturi doirasida 10 milliard 500 million so‘m davlat mablag‘i hisobidan qayta rekonstruksiya qilinmoqda va mukammal ta’mirlanmoqda.
Mazkur maktabda 420 o‘rinli yangi o‘quv binosi qurilishi, shuningdek 4 qavatli o‘quv binosi va sport zalida mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Dastur doirasida 32 o‘rinli ichki hojatxonalar ham tashkil etilgan.
Hozirda 8-umumiy o‘rta ta’lim maktabida obodonlashtirish va qurilish ishlari yakuniy bosqichda bo‘lib, tozalash ishlari olib borilmoqda. Ta’mirlash ishlari joriy yilning dekabr oyida yakunlanishi rejalashtirilgan.
Hozirda ushbu maktabning 1680 nafar o‘quvchisi qo‘shni 20-maktabda 2-smenada ta’lim olmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda ko‘rsatilgan hojatxona yaroqsiz holatga kelgani sababli hisobdan chiqarilgan.
O‘quvchilar binoning ichida yangidan bunyod etilgan ichki hojatxonadan foydalanishmoqda.
Hurmatli ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, OAV vakillari va blogerlar!
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq, har kim axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega. Biroq haqiqatga mos kelmaydigan, tekshirilmagan va asossiz ma’lumotlarni qasddan tarqatish qonunchilikka muvofiq ma’muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin ekanini eslatib o‘tamiz.
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi Axborot xizmati.