Sayt test rejimida ishlamoqda

Yangiliklar

.

“Sen iste’dodlisan” ko‘rik-tanlovi

28-oktabr 2025-yil
image

Farg‘ona shahrida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan ilk bor tashkil etilgan “Sen iste’dodlisan” nomli ko‘rik-tanlovning shahar bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Tanlovda uyda yakka tartibda ta’lim olayotgan, shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining inklyuziv sinflarida tahsil olayotgan o‘quvchilar faol ishtirok etishdi.

Yosh iste’dod egalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazilgan tadbirda viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, shahar hokimligi hamda shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi vakillari ishtirok etishdi. Ular tanlovning imkoniyati cheklangan bolalarning iqtidorini kashf etish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va jamiyatda o‘z o‘rnini topishlariga zamin yaratishdagi muhim ahamiyatini ta’kidladilar.

Tadbir davomida har bir bola betakror olam ekani, ularga imkon berish, ishonch bildirish va ko‘maklashish zarurligi haqida fikr yuritildi. Barcha ishtirokchilarga omadlar tilandi.

Shaharda hozirda 145 nafar imkoniyati cheklangan bola uyda yakka tartibda, 57 nafar bola esa inklyuziv sinflarda ta’lim-tarbiya olmoqda.

Ishtirokchi o‘quvchilar estrada-vokal (an’anaviy ijrochilik) hamda tasviriy san’at yo‘nalishlarida o‘z ijodlari, qiziqishlari va ichki dunyosini o‘ziga xos tarzda namoyon etdilar. Har bir chiqish mehmonlar tomonidan qiziqish bilan kuzatildi. Tadbir jarayonlari ommaviy axborot vositalari tomonidan yoritib borildi.

Bayramona kayfiyat ulashish maqsadida bolajonlar uchun konsert dasturi hamda mehmonlar ishtirokidagi bayram dasturxoni tashkil etildi.

Tadbir yakunida ijodiy ishlari bilan ajralib turgan o‘quvchilar hakamlar hay’ati tomonidan munosib baholandi. G‘olib va sovrindorlar tanlovning viloyat bosqichiga yo‘llanma, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati.

fargonammtb@gmail.com
@FVMMTB
@FarVMMTB
/fmmtb