Yangiliklar
Koreyalik ta’lim delegatsiyasi Farg‘ona shahridagi 2-maktabda bo‘ldi
28-oktabr 2025-yil 
Xabaringiz bor, Koreya Respublikasining Jeollanam-do ta’lim boshqarmasi vakillari amaliy tashrif bilan Farg‘ona viloyatida bo‘lib turibdi.
Tashrif dasturi doirasida Jeollanam-do ta’lim boshqarmasi vakillari Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurishdi. Mehmonlarni viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Dolimov qabul qildi.
Shuningdek, tadbir doirasida Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda Jeollanam-do ta’lim boshqarmasi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” imzolandi.
Koreyalik ta’lim delegatsiyasi a’zolarini Farg‘ona shahridagi 2-maktab jamoasi tantanali tarzda kutib oldi. Xorijlik mehmonlar ushbu ta’lim maskani faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Jumladan, ular o‘quvchilar tomonidan sahnalashtirilgan “Jadidlar” nomli sahna ko‘rinishini tomosha qilishdi.
Shuningdek, maktabda o‘quvchilarning til o‘rganish jarayonlari bilan tanishib, ingliz va koreys tili to‘garaklari mashg‘ulotlarida bevosita ishtirok etishdi. Mehmonlar o‘quvchilar va ustozlar bilan samimiy suhbatlashishdi, o‘quvchilarning koreys tilida bergan savollariga javob berishdi.
Jeollanam-do viloyati Jangheung ta’lim bo‘limi rahbari Jeong Haengjung hamda Jeollanam-do ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Kim Yeongshin maktabda yo‘lga qo‘yilgan to‘garaklar faoliyatini yuqori baholadilar.
Xorijiy delegatsiya a’zolariga tashrif davomida viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Dolimov hamrohlik qildi.
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati.