Yangiliklar
Farg‘onada xalqaro hamkorlik bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” imzolandi
28-oktabr 2025-yil 
Bugun Janubiy Koreya Respublikasi Jeollanam-do ta’lim boshqarmasi vakillari Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurishdi. Mehmonlarni viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Dolimov qabul qildi.
Suhbat davomida tomonlar o‘zaro do‘stona munosabatlar, ta’lim sohasidagi islohotlar, bu boradagi hamkorlik aloqalari hamda ta’lim-tarbiyani yanada rivojlantirish istiqbollari haqida fikr almashdilar.
Tadbirda Jeollanam-do viloyati Jangheung ta’limi rahbari Jeong Haengjung, Jeollanam-do ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Kim Yeongshin, boshqarma kotibi Cheon Su, katta mutaxassisi Kim Mijeong va mas’ul xodimi Kang Naru, shuningdek, Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Dolimov, uning o‘rinbosarlari hamda soha mutasaddilari ishtirok etishdi.
Tadbir doirasida Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda Jeollanam-do ta’lim boshqarmasi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur yo‘nalishda ikki tomonlama hamkorlikning amaldagi mexanizmlari 1995-yil 16-fevralda imzolangan “Ta’lim sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risida”gi o‘zaro tushunish memorandumi asosida tartibga solinadi.
Shu munosabat bilan mavjud hujjat doirasida hamkorlikni yanada kuchaytirish hamda aniq tadbirlarni o‘z ichiga olgan “Chora-tadbirlar rejasi” kelishib olindi.
Tadbir yakunida tomonlar o‘zaro esdalik sovg‘alarini taqdim etishdi.
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati.