Sayt test rejimida ishlamoqda

Yangiliklar

.

Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Vohidjon Mamajonov ishtirokida tizimda “Korrupsiyaga qarshi kurashish” mavzusida brifing

26-noyabr 2025-yil
image

Assalomu alaykum, hurmatli hamkasblar hamda ota-onalar!

Barchamizga ma’lumki, mamlakatimizda muhtaram Prezidentimiz tomonidan korrupsiyaga qarshi qat’iy siyosat olib borilmoqda. Bugungi kunda jamiyat taraqqiyotining eng katta to‘siqlaridan biri — bu korrupsiyadir. Shu sababli maktabgacha va maktab ta’limi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan amaliy ishlar izchil davom ettirilmoqda.

2023 yildan boshlab ta’lim sohasida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritalari” tasdiqlanib, hozirda ularning ijrosi ta’minlanmoqda. Ta’lim jarayonlarida boshqaruvni takomillashtirish, korrupsiya xavf-xatarlarini oldini olish va byurokratiyani kamaytirish maqsadida “bir darcha” tamoyili asosida tizim keng ko‘lamda raqamlashtirilmoqda.

Shu jumladan, 1-sinfga qabul, shahodatnoma dublikatini berish, o‘quvchilarni maktablar o‘rtasida ko‘chirish, chet el fuqarolari farzandlarini qabul qilish, eksternat imtihonlariga ariza topshirish, xorijiy diplom va hujjatlarni nostrifikatsiya qilish, nodavlat ta’lim tashkilotlarini litsenziyalash, apostil qo‘yish, pedagoglarni attestatsiyadan o‘tkazish kabi 10 dan ortiq davlat xizmati elektron shaklda yo‘lga qo‘yildi. 8 turdagi hujjatlarni talab qilish amaliyoti bekor qilindi, xizmat ko‘rsatish muddatlari esa ikki barobar qisqartirildi.

O‘tgan bir yil davomida tizim “qo‘l” boshqaruvidan bosqichma-bosqich “avtomatik” boshqaruvga o‘tkazilib, raqamlashtirish jarayoni jadallik bilan olib borilmoqda. “Korrupsiyasiz soha” loyihasi doirasida o‘quvchilar va tarbiyalanuvchilar uchun “halollik vaksinasi” g‘oyasiga asoslangan maxsus dasturlar, ilmiy-uslubiy kontentlar ishlab chiqilmoqda.

Bundan tashqari, vazirlik tizimida Korrupsiyaga qarshi ta’lim va yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish global resursi (GRACE) dasturi keng joriy etilgan. Pedagoglar, o‘quvchilar va tarbiyalanuvchilar uchun “Korrupsiyaga qarshi kurashish” o‘quv dasturi ishlab chiqilib, “Kelajak soatlari” doirasida muntazam darslar o‘tilmoqda.

Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida korrupsiya haqida dastlabki tushunchalarni berish maqsadida “Tarbiya”, “Tarix” va “Davlat va huquq asoslari” fanlariga qo‘shimcha mavzular kiritildi. O‘quvchilarda halollik, mas’uliyat va adolat tushunchalarini shakllantirish maqsadida interaktiv mashg‘ulotlar va hayotiy misollar asosida darslar tashkil etilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2025 yil 28 oktyabrdagi 412-sonli buyrug‘iga muvofiq, joriy yilning 1–25 noyabr kunlari “Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi” o‘tkazilmoqda. Viloyatimizdagi barcha tuman va shaharlar, shuningdek ta’lim muassasalarida belgilangan vazifalar ijrosi ta’minlanmoqda.

Hurmatli hamkasblar va ota-onalar! Yuqoridagi tahlillardan ko‘rinib turibdiki, korrupsiyaga qarshi kurashish barchamizning umumiy vazifamizdir. Agar tizimdagi barcha xodimlar, ota-onalar hamda keng jamoatchilik birgalikda harakat qilsa, ta’lim muassasalari “korrupsiyadan holi hudud”ga aylanadi.

Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati

fargonammtb@gmail.com
@FVMMTB
@FarVMMTB
/fmmtb