Yangiliklar
M U R O J A A T
27-noyabr 2025-yil
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi
boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari
Maxkamov Ixtiyor Numonovichning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha
M U R O J A A T I
Taraqqiyotning yangi bosqichida O‘zbekiston uchun korrupsiyaning har qanday ko‘rinishi islohotlar sur’ati va samaradorligiga salbiy ta’sir etishi mumkin bo‘lgan jiddiy illat hisoblanadi.
Darhaqiqat, Davlatimiz rahbarining 2022-yil 20-dekabrdagi Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasida: “Korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining barcha qatlamlari, eng yaxshi mutaxassislar jalb qilinmas ekan, jamiyatimizning barcha a’zolari, ta’bir joiz bo‘lsa, ‘halollik vaksinasi’ bilan emlanmas ekan, o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak marralarga erisha olmaymiz”, deb bejiz ta’kidlanmagan.
Shundan kelib chiqib, Yangi O‘zbekistonning “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalq farovonligini oshirish, inson huquq va manfaatlarini ta’minlash hamda faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan islohotlar doirasida barcha sohalarda korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish muhitini yaratish talab etiladi.
Maktabgacha va maktab ta’limi tizimida ham korrupsiyaning oldini olish, uni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan sabab va shart-sharoitlarni barvaqt aniqlash hamda bartaraf etishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, boshqarma va bo‘limlarda alohida yil faoliyati xaritalari ishlab chiqilishi va ularning ijrosi ta’minlanayotgani, xodimlarni ishga qabul qilish hamda mehnat shartnomalarini tuzishda korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha aniq talablar joriy etilgani, ta’lim muassasalari rahbarlariga korrupsiyaga oid videoroliklar muntazam namoyish etilayotgani shular jumlasidandir.
Bundan tashqari, maktabgacha yoshdagi bolalarni va o‘quvchilarni ta’lim muassasalariga qabul qilish jarayonlarini raqamlashtirish orqali inson omilini kamaytirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish va korrupsiyaviy holatlarning oldini olish bo‘yicha faoliyatni samarali yo‘lga qo‘yishda fuqarolarimizning faolligi va tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanadi.
Agar boshqarma apparati, uning tuman (shahar) bo‘limlari yoki tasarrufdagi tashkilot va muassasalar xodimlarining qonunchilikka zid xatti-harakatlari yoki harakatsizligi, shuningdek korrupsiya va boshqa huquqbuzarlik holatlariga aloqadorligi yuzasidan ma’lumotlarga ega bo‘lsangiz, (73) 244-31-18 raqamli Ishonch telefoniga, telegram botiga yoki rasmiy veb-sayt orqali murojaat qilishingiz mumkin.
Murojaatlar qonunchilikda belgilangan tartib va muddatlarda ko‘rib chiqiladi hamda tasdiqlangan korrupsion holatlar bo‘yicha qat’iy qonuniy choralar ko‘riladi.
O‘z navbatida, tizimimizda faoliyat yuritayotgan barcha rahbar va xodimlarni korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga nisbatan murosasiz bo‘lishga, o‘z xizmat vazifalarini halol, xolis va vijdonan bajarishga yana bir bor chaqiraman.
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati