Yangiliklar
Farg‘onalik o‘quvchilar yirik pul mukofotlari bilan rag‘batlantirildi
5-dekabr 2025-yil
Bugun Asosiy olimpiadaning Respublika bosqichida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan farg‘onalik o‘quvchilar yirik pul mukofotlari bilan rag‘batlantirildi
Farg‘ona viloyatida Asosiy olimpiadaning viloyat bosqichi yakunlandi. Farg‘ona shahridagi 46-maktabda g‘oliblarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Dolimov hamda viloyat prokurorining katta yordamchisi Sirojiddin G‘oziyev ishtirok etishdi.
Joriy yilda olimpiadada 9-, 10- va 11-sinf o‘quvchilaridan iborat jami 2 ming 559 nafar ishtirokchi 15 ta fan yo‘nalishi bo‘yicha o‘z bilimini sinovdan o‘tkazdi. Natijada 135 nafar o‘quvchi 1-, 2- va 3-o‘rinlarni egallab, diplom va pul mukofotlari bilan taqdirlandi:
1-o‘rin — 2 million 472 ming so‘m;
2-o‘rin — 1 million 648 ming so‘m;
3-o‘rin — 1 million 236 ming so‘m.
Tadbir yakunida boshqarma boshlig‘i yoshlarni kuchli rag‘batlantiradigan muhim tashabbusni e’lon qildi. Unga ko‘ra, Respublika bosqichida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan farg‘onalik o‘quvchilar uchun quyidagi miqdorda yirik rag‘bat pullari belgilandi:
1-o‘rin uchun — 30 million so‘m;
2-o‘rin uchun — 20 million so‘m;
3-o‘rin uchun — 10 million so‘m.
Mazkur tashabbus viloyatimiz iqtidorli yoshlarini qo‘llab-quvvatlash, ularni ilmga, izlanishga va yirik yutuqlarga undashga xizmat qiladi.
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati.