Yangiliklar
Farg‘onada yana bir maktab zamonaviy qiyofa kasb etdi
23-dekabr 2025-yil
Farg‘ona shahridagi 12-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi davlatimiz tomonidan ajratilgan 9 milliard 191 million so‘m mablag‘ evaziga to‘liq rekonstruksiya qilindi. Amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari natijasida maktab zamonaviy talablarga to‘liq javob beradigan ta’lim muassasasiga aylandi.
Qayta qurish jarayonida 6 milliard 891 million so‘m mablag‘ qurilish-ta’mirlash ishlariga yo‘naltirilib, o‘quv binolari tubdan yangilandi, sinfxonalar zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi. Shuningdek, maktabning issiqlik ta’minoti tizimi ham to‘liq yangilanib, bu yo‘nalishga 2,3 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Natijada o‘quvchilar va pedagoglar uchun yanada qulay va shinam sharoitlar yaratildi.
Yangidan bunyod etilgan ta’lim muassasasining tantanali ochilish marosimida keng jamoatchilik vakillari, shahar hokimi, ta’lim sohasi mas’ul xodimlari, tajribali ustozlar, o‘quvchilar hamda nuroniylar ishtirok etdi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar yaratilgan zamonaviy sharoitlar yosh avlodning bilim olishi, tarbiyasi va salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladilar.
Shubhasiz, bunday ezgu tashabbuslar ta’lim sifatini yuksaltirish, kelajagimiz egalari bo‘lgan yoshlarning barkamol bo‘lib voyaga yetishiga mustahkam zamin yaratadi.
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati.