Yangiliklar
Farg‘onada 1321 nafar talabgor maktab maslahatchisi lavozimi uchun bellashmoqda
16-yanvar 2026-yil
Xabaringiz bor, Davlatimiz rahbarining 2025 yil 8 sentyabrdagi tegishli qaroriga asosan, umumta’lim maktablarida maktab maslahatchisi lavozimi joriy etilmoqda.
Ayni kunlarda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan ushbu lavozim uchun ro‘yxatdan o‘tgan nomzodlar o‘rtasida tanlov jarayonlari boshlandi.
Mazkur jarayonlar Farg‘ona viloyatida, Farg‘ona shahridagi 28-umumta’lim maktabida tashkil etilgan.
Unda viloyatdagi ta’lim muassasalari uchun ajratilgan 486 ta bo‘sh ish o‘rni uchun jami 1321 nafar talabgor ishtirok etmoqda.
Tadbir ikki kun davom etadi. Ishtirokchilar 90 daqiqa mobaynida 30 ta test topshiriqlarini bajarishlari lozim. Eng yuqori ball to‘plagan talabgorlar keyingi — suhbat bosqichida qatnashish huquqiga ega bo‘ladilar.
Bugun viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Dolimov sinov jarayonlari hamda tadbir ishtirokchilari uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Ayrim kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.