Yangiliklar
Bugun Farg‘onada Al-Xorazmiy nomidagi aniq va tabiiy fanlar olimpiadasining shahar va tuman bosqichlariga rasman start berildi.
28-yanvar 2026-yil
Mazkur nufuzli olimpiada yoshlarning aniq va tabiiy fanlarga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularning bilim va salohiyatini aniqlash hamda iqtidorli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Olimpiadaning Farg‘ona shahar bosqichi shahardagi 46-umumiy o‘rta ta’lim maktabida tashkil etildi.
Unda shahar maktablaridan saralab olingan o‘quvchilar ishtirok etib, aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazishadi.
Tadbirning ochilish marosimida so‘zga chiqqan Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Farg‘ona shahridagi Prezident maktabi direktori, mazkur olimpiadaning Farg‘ona viloyati bo‘yicha mas’uli Obidxon Mo‘minov barcha ishtirokchilarga omad tilar ekan, Al-Xorazmiy nomidagi olimpiada yoshlar uchun katta imkoniyat va mas’uliyatli sinov ekanini ta’kidladi. Shuningdek, u ushbu bellashuvlar orqali kelajakda yurtimiz ilm-fan taraqqiyotiga munosib hissa qo‘sha oladigan yoshlar kamol topishiga ishonch bildirdi.
Olimpiada shahar va tuman bosqichlarida yuqori natija ko‘rsatgan o‘quvchilar keyingi – viloyat va respublika bosqichlarida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadilar.
Mazkur musobaqa hududlarda iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularning bilimini yanada mustahkamlash va raqobatbardosh kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati.