Yangiliklar
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Pedagog kadrlar bilimi hamda malakasini baholash sho‘basi bosh metodisti Nizomiddin Usmonov ishtirokida sohada 2025-yil davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan brifing.
30-yanvar 2026-yil
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentyabrdagi “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 572-son hamda 2025-yil 28-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi hukumatining ayrim qarorlariga pedagoglarni attestatsiyadan o‘tkazish, kasbiy sertifikatlash va rag‘batlantirish tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 130-son qarorlari ijrosi doirasida joriy yilda jami 40 590 nafar pedagog attestatsiya sinovlarida ishtirok etdi. Shundan aprel-may oylarida 20 312 nafar, oktyabr-noyabr oylarida esa 20 278 nafar pedagog qamrab olindi. Attestatsiya test sinovlari shaffof va adolatli tarzda tashkil etilib, real vaqt rejimida internet tarmog‘i orqali test shaklida o‘tkazildi (jismoniy tarbiya va musiqa fani o‘qituvchilari uchun amaliy hamda test shaklida).
Pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish ikki bosqichda amalga oshirilib, har ikki bosqich bo‘yicha umumiy 100 ballik tizimda baholandi.
Malaka oshirish tizimining soddalashtirilishi hamda o‘qituvchilarning malaka toifasini olish uchun yillar davomida kutishi amaliyoti bekor qilinganidan so‘ng, 2025 yil yakuni bo‘yicha toifali pedagoglar ulushi 64,3 foizni tashkil etdi. Xususan, oliy malaka toifasiga ega pedagoglar soni 7 954 nafarni (14,8 foiz), birinchi malaka toifasiga ega pedagoglar 12 757 nafarni (23,7 foiz), ikkinchi malaka toifasiga ega o‘qituvchilar esa 13 885 nafarni (25,8 foiz) tashkil etdi.
2026-yil uchun viloyatimizda oliy va birinchi malaka toifasiga ega pedagoglar ulushini 40 foizga yetkazish, shuningdek, umumiy malaka toifasiga ega pedagoglar ulushini 66 foizdan oshirish rejalashtirilgan.
Kasbiy sertifikatlash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 12-fevraldagi “Davlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini kasbiy sertifikatlash bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 87-son qarori ijrosi yuzasidan 2025-yil davomida o‘tkazilgan kasbiy sertifikatlash jarayonlariga jami 2000 nafardan ortiq stajyor o‘qituvchilardan murojaatlar qabul qilindi.
Test sinovlarida 1 415 nafar stajyor o‘qituvchi ishtirok etib, ulardan 753 nafari (53,2 foiz) ijobiy natijaga erishdi.
vazir jamg‘armasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-avgustdagi “Xalq ta’limi vaziri jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 425-son qarori hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2025-yil 14-fevraldagi 54-sonli buyrug‘i ijrosini ta’minlash, o‘quvchilari yuqori natijalarga erishgan malakali pedagog kadrlarni rag‘batlantirish, o‘z ustida doimiy ishlaydigan, samarali o‘qitish uslubiga hamda jamoatchilik orasida yuqori obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Farg‘ona viloyati tuman va shahar Milliy kengashlari tavsiyasi asosida Vazir jamg‘armasi tanlovida ishtirok etuvchi nomzodlar ro‘yxati shakllantirildi.
Jumladan, 411 nafar umumta’lim maktablari hamda 30 nafar Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablar pedagoglari tanlovda ishtirok etish uchun nomzod sifatida tavsiya etildi. Vazir jamg‘armasi hisobidan beriladigan ustamalarga da’vogar o‘qituvchilar uchun 2025-yil 25-fevral kuni Farg‘ona shahridagi 28-maktabda 1-bosqich saralash test sinovlari o‘tkazildi. Unda 437 nafar pedagog ishtiroki ta’minlandi.
2025-yil 6-7-may kunlari o‘tkazilgan suhbat bosqichida ishtirok etgan 83 nafar pedagogning barchasi Vazir jamg‘armasi hisobidan beriladigan ustamani olish uchun tavsiya etildi.
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati.