Yangiliklar
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining 2023-yil 21-sentyabrdagi tegishli xatiga asosan Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasining birinchi kotibi Cato Ta’e va dastur koordinatori Maruyama Nana viloyatimizga bo‘ldilar.
17-oktabr 2023-yil
Tashrifdan maqsad Yaponiya hukumati tomonidan “Inson xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kichik ijtimoiy loyihalarga beg‘araz yordam ko‘rsatish” dasturi asosidagi loyihalarni monitoring qilinishi hamda yangi loyihalar bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishdan iborat edi.
Mazkur dastur doirasida bir qator ijtimoiy soha ob‘yektlari, xususan, maktablar, maktabgacha ta’lim tashkilotlariga beg‘araz yordam sifatida zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi.
Jumladan, Qo‘shtepa tumanidagi ta’lim tashkilotlariga jami 89.0 ming AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratilgandi.
Shundan, tumandagi 35-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga 41.0 ming AQSh dollari miqdorida beg‘araz yordam ko‘rsatilib, muassasa yangi mebel va boshqa jihozlar bilan ta’minlandi.
Mehmonlar ushbu tashkilotda loyiha asosida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdilar.
Shu kuni ular viloyat Maktabgacha va maktab ta' limi boshqarmasiga bo‘ldilar.
Tashrif chogida boshqarma boshligi Sherzod Dolimov, viloyat hokimligi vakili Shohidbek Aslonov va viloyat hokimi ta’lim maslahatchisi Goto Mikako hamda Robototexnika bo‘yicha mutaxassis Koganezva Koich bilan uchrashdilar.
Unda Yaponiya hukumati tomonidan “Inson xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kichik ijtimoiy loyihalarga beg‘araz yordam ko‘rsatish” dasturi doirasidagi moliyalashtirilgan loyihalarni monitoring qilinishi hamda yangi loyihalar borasida fikr almashildi.
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi Axborot xizmati.