Yangiliklar
Fargʻonalik “Zulfiyaxonim” izdoshlari oʻquvchi-yoshlar bilan suhbatda bo‘lishdi
3-mart 2026-yil
Bugun Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan “Farg‘ona viloyatida yoshlarga oid loyihalarni amalga oshirish” dasturi doirasida Ahmad Farg‘oniy nomidagi Farg‘ona viloyat axborot-kutubxona markazida fargʻonalik “Zulfiyaxonim” izdoshlarining oʻquvchi-yoshlar bilan davra suhbati tashkil etildi.
Mazkur ma’rifiy tadbir yosh avlodni ilm-fan, adabiyot, san’at va zamonaviy texnologiyalar sohasida yuksak marralarni zabt etishga ruhlantirish, ularni Vatanga sadoqat va fidoyilik ruhida tarbiyalash maqsadida tashkil etildi.
Uchrashuvda toʻrt nafar fargʻonalik Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibalari ishtirok etdi.
Jumladan:
*Shahnozaxon Davlatova — 2010-yilda san’at yoʻnalishi boʻyicha;
*Mushtaribegim Qurbonova — 2017-yilda san’at yoʻnalishi boʻyicha;
*Parizoda Axrorxoʻjayeva — 2019-yilda adabiyot yoʻnalishi boʻyicha;
*Dilnozaxon Abdurasulova — 2025-yilda IT yoʻnalishi boʻyicha.
Mukofot sohibalari oʻz hayot yoʻllari, tanlagan kasblariga boʻlgan mehr-muhabbatlari, yutuqlarga erishish jarayonidagi izlanish va mashaqqatli mehnat haqida samimiy soʻzlab berdilar.
Ayniqsa, ularning qat’iyat, intilish va oʻz ustida tinimsiz ishlash orqali yuksak natijalarga erishgani yoshlar uchun katta motivatsiya manbai boʻldi.
Tadbir davomida ishtirokchilar mukofot sohibalarining ijod namunalari bilan tanishib, ularning asarlari va loyihalaridan bahramand boʻldilar.
Qiziqarli savol-javoblar, ochiq muloqotlar uchrashuvni yanada jonli va mazmunli oʻtishiga xizmat qildi. Yoshlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olib, kelgusidagi rejalari yuzasidan maslahatlar oldilar.
Ma’naviy-ma’rifiy ruhda oʻtgan uchrashuv yuqori saviyada tashkil etilib, koʻtarinki kayfiyatda yakunlandi.
Tadbir yoshlarni yangi marralar sari ilhomlantirgan, ularning orzu va maqsadlariga yanada ishonch bilan intilishiga turtki bergan muhim uchrashuvlardan biri boʻldi.
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati.