Yangiliklar

.

Bugun viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i olimpiadalarning viloyat bosqichi g‘oliblari bilan uchrashdi

19-mart 2026-yil
image

Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi faollar zalida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda 2025–2026-o‘quv yilida umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, akademik litseylar va nodavlat ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan asosiy fan olimpiadasi, Al-Xorazmiy nomidagi tabiiy fanlar (Science) olimpiadasi hamda “Ixtirochilikka qadam” tanlovining viloyat bosqichida 1–3-o‘rinlarni qo‘lga kiritgan g‘olib o‘quvchilar va ularning ustozlari ishtirok etdilar.

Tadbirda so‘zga chiqqan boshqarma boshlig‘i Sherzod Dolimov g‘olib o‘quvchilarni samimiy tabriklab, ularning respublika bosqichida ham muvaffaqiyatli ishtirok etib, viloyat sha’nini munosib himoya qilishlariga ishonch bildirdi hamda barchasiga omad tiladi. 

Shuningdek, mazkur bellashuvlarning to‘rtinchi (respublika) bosqichida g‘olib bo‘lgan o‘quvchilarga sovg‘a tariqasida ularning maktab direktori, ustozlari va ota-onalari uchun Samarqand va Buxoro viloyatlariga bepul sayohat tashkil etilishi alohida ta’kidlandi.

Ma’lumot uchun, asosiy fan olimpiadasining to‘rtinchi (respublika) bosqichi Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari hamda Toshkent shahrida o‘tkazilishi belgilangan. Unda viloyatimizdan 45 nafar o‘quvchi asosiy fan olimpiadasida, “Ixtirochilikka qadam” tanlovida 3 ta jamoa, Al-Xorazmiy nomidagi aniq va tabiiy fanlar olimpiadasining tabiiy fan yo‘nalishida 6 nafar o‘quvchi, shuningdek, ko‘zi ojiz o‘quvchilar uchun ixtisoslashtirilgan maxsus maktab-internatlardan 12 nafar o‘quvchi ishtirok etadi

Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati.

fargonammtb@gmail.com
@FVMMTB
@FarVMMTB
/fmmtb