Yangiliklar
FARG‘ONADA YANA BIR MAKTABNING 660 O‘RINLI YANGI BINOSI FOYDALANISHGA TOPSHIRILDI
18-mart 2026-yil
Farg‘ona viloyatida ta’lim infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi bunyodkorlik ishlari izchil davom etmoqda.
O‘zbekiston tumani “Tuyul” mahallasida joylashgan 36-sonli umumta’lim maktabi uchun 660 o‘rinli qo‘shimcha yangi o‘quv binosi qurilib, “Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lashdir!” shiori ostida keng nishonlanayotgan Navro‘z bayrami arafasida foydalanishga topshirildi.
Tadbir davomida so‘z olganlar mahalla ahli va o‘quvchi-yoshlarni ushbu quvonchli voqea bilan samimiy tabriklab, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari yurtimizda ta’lim tizimini yanada rivojlantirish, yoshlarning sifatli bilim olishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlarning yaqqol ifodasi ekanini ta’kidladilar.
Ma’lumot o‘rnida, mazkur maktab bundan 57 yil avval barpo etilgan bo‘lib, 320 o‘quvchiga mo‘ljallangan edi.
Yillar davomida hudud aholisi, jumladan maktab yoshidagi bolalar soni ortib borishi natijasida ta’lim muassasasida o‘quvchilar soni 800 nafardan oshgan. Bu esa qo‘shimcha o‘quv binosiga ehtiyojni yuzaga keltirgan.
Namunaviy loyiha asosida bunyod etilgan 4 qavatli zamonaviy o‘quv binosi investitsiya dasturi doirasida 11 milliard so‘m mablag‘ evaziga qurildi. Unda o‘quvchilarning sifatli ta’lim olishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan.
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati.