Yangiliklar
Boshqarma boshlig‘i “Kelajak soati” darsini o‘tdi
30-mart 2026-yil
Bugun Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Dolimov Farg‘ona shahridagi 5-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabiga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida u yuqori sinf o‘quvchilari uchun “Kelajak soati” dars mashg‘ulotini olib bordi.
Mazkur dars jarayonida 11-sinf o‘quvchilariga “O‘zbek madaniyati” mavzusida batafsil ma’lumotlar berildi. Unda xalqimizning boy tarixiy va madaniy merosi, milliy qadriyatlar, urf-odat va an’analar, shuningdek, ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan yuksak insoniy fazilatlar — fidoyilik, vatanparvarlik, milliy g‘urur va sadoqat kabi tushunchalarning mazmun-mohiyati keng yoritildi.
Dars davomida o‘quvchilar bilan ochiq muloqot tashkil etilib, ularning fikr-mulohazalari tinglandi.
Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar. Shuningdek, bugungi globallashuv davrida milliy o‘zlikni asrash, madaniy merosni qadrlash va uni kelajak avlodga yetkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida o‘quvchilarga puxta bilim olish, o‘z ustida muntazam ishlash hamda yurt ravnaqi yo‘lida munosib hissa qo‘shadigan barkamol avlod bo‘lib voyaga yetishlari tilab o‘tildi.
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati.