Yangiliklar
Dang‘ara tumanidagi 4-umumiy o‘rta ta’lim maktabida “Yoshlar kuni” munosabati bilan boshqarma boshlig‘i bilan ochiq muloqot tashkil etildi
26-mart 2026-yil
Unda Farg‘ona viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Dolimov ishtirok etib, yoshlar bilan samimiy va ochiq muloqot olib bordi.
Tadbirda tumandagi 4- va 28-umumiy o‘rta ta’lim maktablari hamda 1-DIUMI o‘quvchilari qatnashdi.
Muloqot davomida o‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, ta’lim jarayoni, kasb tanlash, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallash hamda yoshlarning jamiyatdagi o‘rni yuzasidan fikr almashdilar. Bildirilgan savollarga atroflicha va tushunarli javoblar berildi.
Uchrashuv yoshlarning kelajakka ishonchi, aniq maqsadlari va yurt ravnaqiga hissa qo‘shishga bo‘lgan intilishlarini yana bir bor namoyon etdi.
Tadbir yakunida faol o‘quvchilar rag‘batlantirilib, ularga esdalik sovg‘alari sifatida kitoblar to‘plami topshirildi.
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati.