Yangiliklar
RASMIY MUNOSABAT
26-mart 2026-yil
Ijtimoiy tarmoqlarda Qo‘qon shahridagi “Algoritm” xususiy maktabida o‘quvchilarning mobil telefonlari yig‘ib olinib, ularga zarar yetkazilgani haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan tegishli tartibda o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganish jarayonida mazkur ta’lim muassasasi rahbariyati, pedagoglar hamda o‘quvchilar bilan suhbat o‘tkazildi.
Aniqlanishicha, o‘quvchilarning mobil telefonlari dars jarayoniga xalaqit bermasligi maqsadida vaqtincha yig‘ib olingan bo‘lib, ularga hech qanday zarar yetkazilmagan.
Shu bilan birga, maktab rahbari tomonidan joriy yil 25-mart kuni foydalanishga yaroqsiz, eski uch dona mobil telefon qurilmasiga mix qoqilganligi va ushbu holat maktabning ichki ijtimoiy tarmog‘idagi yopiq guruhga joylashtirilgani ma’lum bo‘ldi. Mazkur videolavha keyinchalik keng jamoatchilikka tarqalib ketgan.
Holat yuzasidan soha mutasaddilari tomonidan maktab rahbariyatiga bunday noo‘rin harakatlar tarbiyaviy usul sifatida samara bermasligi, aksincha, ota-onalar hamda o‘quvchilar bilan ochiq va individual muloqot olib borish ancha ijobiy natija berishi mumkinligi tushuntirildi.
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati.