Yangiliklar
Fargʻonalik sportchi qizlar gʻalaba sari yoʻl oldi!
24-mart 2026-yil
Vazir_kubogi
Fargʻona shahridagi 38-sonli umumta’lim maktabining “Yoshlik” jamoasi oʻquvchi-qizlar oʻrtasidagi futbol boʻyicha “Vazir kubogi” musobaqasining respublika bosqichida ishtirok etish uchun Surxondaryo viloyatiga yoʻl oldi.
Mazkur jamoa viloyat bosqichlarida munosib ishtirok etib, yuqori natijalarga erishdi hamda respublika bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.
Endilikda ular Fargʻona viloyati sharafini himoya qilishdek mas’uliyatli vazifani oʻz zimmasiga olib, katta ishonch va qat’iyat bilan musobaqaga yoʻl olishdi.
Bugun yosh sportchi qizlarni viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, shahar boʻlimi hamda keng jamoatchilik vakillari tantanali ravishda kuzatib qolishdi.
Ularga musobaqada mustahkam iroda, yuqori sport mahorati, jamoaviy hamjihatlik va yorqin gʻalabalar tilandi.
Tadbir davomida viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Sherzod Dolimov soʻzga chiqib, jamoaga omad va muvaffaqiyatlar tiladi.
Eslatib oʻtamiz, mazkur musobaqaning respublika bosqichi joriy yilning 24–30-mart kunlari Surxondaryo viloyatida boʻlib oʻtadi. Unda yurtimizning turli hududlaridan saralangan eng kuchli jamoalar oʻzaro bellashadi.
Fargʻona viloyatining “Yoshlik” jamoasiga ushbu nufuzli musobaqada munosib ishtirok etib, yuksak natijalarga erishishlarini tilab qolamiz!
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati.