Yangiliklar
“Yangi O‘zbekiston – obod maskanda sifatli ta’lim”
24-aprel 2026-yil
Viloyat seminari
Bugun Farg‘ona viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tashabbusi bilan ta’lim muassasalarida amalga oshirilayotgan ishlarni yanada takomillashtirish, ta’lim sifatini oshirish hamda ilg‘or tajribalarni amaliyotga keng joriy etishni jadallashtirish maqsadida ko‘plab ezgu ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Oltiariq tumanida “Yangi O‘zbekiston – obod maskanda sifatli ta’lim” shiori ostida viloyat seminari tashkil etildi.
Seminar viloyatimizning barcha shahar va tumanlaridan tashrif buyurgan ta’lim muassasalarining faol va tashabbuskor rahbarlari, viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i hamda uning o‘rinbosarlari, shuningdek, soha mutasaddilari ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
Seminar davomida ishtirokchilar tumandagi bir qator maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida yaratilgan sharoitlar, yo‘lga qo‘yilgan samarali xorij ish tajribalari bilan yaqindan tanishdilar.
Muassasalarda tashkil etilgan ochiq dars va mashg‘ulotlarda qatnashib, o‘qituvchilar, o‘quvchilar hamda tarbiyalanuvchilar bilan bevosita muloqot olib bordilar.
Shuningdek, ta’lim muassasalarida amalga oshirilayotgan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari, gul parvarishi holati ham ko‘zdan kechirildi.
Ishtirokchilar ilg‘or tajribalarni o‘rganish asosida kelgusida ularni o‘z faoliyatlarida samarali qo‘llash yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar.
Seminarning yakuniy yalpi yig‘ilishi tumandagi 34-umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Dolimov so‘zga chiqib, tadbirning mazmun-mohiyati va ahamiyatiga to‘xtaldi. U bunday ilg‘or tajribalarni keng ommalashtirish va rivojlantirishda har bir ishtirokchining faol bo‘lishi muhim ekanini alohida ta’kidladi.
Tadbir soʻngida namunali faoliyat yuritayotgan ta’lim muassasalari hamda ilg‘or pedagoglar alohida e’tirof etildi.
Farg‘ona viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati.