Yangiliklar
Farg‘onada pedagoglar attestatsiyasi qizg‘in davom etmoqda
1-may 2026-yil
Farg‘ona viloyatida ta’lim sifatini oshirish, pedagoglarning kasbiy mahoratini baholash hamda ularni rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazilayotgan attestatsiya jarayonlari izchil davom etmoqda.
Mazkur jarayonlarda viloyatimizdagi o‘qituvchi va tarbiyachilar faol ishtirok etib, o‘z bilim va malakalarini sinovdan o‘tkazishmoqda.
Attestatsiya sinovlari zamonaviy talablar asosida tashkil etilib, ishtirokchilarning nazariy bilimlari, amaliy ko‘nikmalari hamda kasbiy kompetensiyalari kompleks tarzda baholanmoqda.
Jarayonlar Farg‘ona shahridagi 28-umumiy o‘rta ta’lim maktabida maxsus jihozlangan, barcha qulayliklarga ega binoda shaffof va adolatli tarzda o‘tkazilmoqda. Sinov xonalari zamonaviy texnik vositalar bilan ta’minlangan bo‘lib, ishtirokchilar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.
Shuningdek, attestatsiya jarayonlarining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash maqsadida mas’ul tashkilotlar tomonidan doimiy nazorat olib borilmoqda. Bu esa pedagoglarning bilim va salohiyatini xolisona baholash imkonini bermoqda.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 1–2-may kunlari mazkur jarayonlarda maktabgacha ta’lim tashkilotlarining 1800 nafardan ortiq pedagog xodimlari ishtirok etishi rejalashtirilgan. Jumladan, tarbiyachi-metodistlar (MTT direktor o‘rinbosarlari), tarbiyachi-pedagoglar, psixologlar, musiqa rahbarlari, jismoniy tarbiya yo‘riqchilari, defektologlar, logopedlar hamda rus, fransuz, ingliz va nemis tillari o‘qituvchilari attestatsiya sinovlarida qatnashadilar.
Fargʻona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot t xizmati.