Yangiliklar

.

Quvasoy shahrida “Ilk rivojlanish markazi” faoliyatiga start berildi

2-iyun 2026-yil
image

Bugun Quvasoy shahrida maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirish hamda ehtiyojmand oilalar farzandlarini sifatli ta’lim bilan qamrab olish maqsadida navbatdagi “Ilk rivojlanish markazi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur markaz Quvasoy shahridagi 11-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining bo‘sh turgan binosida tashkil etildi.
Ushbu tashabbus bolalarning har tomonlama rivojlanishi uchun qulay sharoit yaratish, ularni maktab ta’limiga puxta tayyorlash hamda kelajak hayoti uchun mustahkam poydevor yaratishga xizmat qiladi.
Markazda tarbiyalanuvchilar uchun zamonaviy talablarga javob beradigan yorug‘ va shinam mashg‘ulot xonalari, zarur o‘quv-uslubiy vositalar hamda xavfsiz o‘yin maydonchalari tashkil etilgan. “Ilk rivojlanish markazi”da 100 nafar bola qamrab olinib, ta’lim-tarbiya jarayonlari bir smenada kuniga 4 soatdan olib boriladi.
Bu esa bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularda dastlabki bilim, ko‘nikma va malakalarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Markazning ochilish marosimida Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Dolimov, Quvasoy shahar hokimligi, maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mas’ullari, mahalla faollari hamda ota-onalar ishtirok etdilar.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirish, bolalarga sifatli ta’lim-tarbiya berish hamda ularni maktabga puxta tayyorlashda bunday markazlarning ahamiyati beqiyos ekanini ta’kidladilar.
Yangi markaz faoliyatga kirishishi natijasida yana ko‘plab bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinishi, ular uchun zamonaviy va qulay ta’lim muhiti yaratilishi hamda kelajakda muvaffaqiyatli ta’lim olishi uchun zarur shart-sharoitlar ta’minlanishi ko‘zda tutilgan.
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati.

fargonammtb@uzedu.uz
@FVMMTB
@FarVMMTB
/fmmtb