Yangiliklar

.

FARG‘ONADA EKSTERNAT TARTIBIDAGI YAKUNIY DAVLAT IMTIHONLAR JARAYONLARI YAKUNLANDI

8-iyun 2026-yil
image

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 1-iyundagi 295-son qaroriga muvofiq, turli sabablarga ko‘ra umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 9 yoki 11-sinfini tamomlaganligi to‘g‘risidagi hujjatni ololmagan fuqarolar uchun eksternat tartibida yakuniy davlat imtihonlarini topshirish imkoniyati yaratilgan.
Mazkur jarayonni samarali tashkil etish maqsadida Farg‘ona shahridagi 9-son umumiy o‘rta ta’lim maktabi viloyat bo‘yicha bazaviy ta’lim muassasasi etib belgilangan.
Ushbu ta’lim muassasasida eksternat tartibidagi yakuniy davlat imtihonlari belgilangan jadval asosida tashkil etilib, amaldagi tartib va me’yoriy-huquqiy hujjatlar talablari asosida o‘tkazilmoqda.
Joriy yilda eksternat tartibida yakuniy davlat imtihonlarida ishtirok etish uchun 11-sinf bo‘yicha 330 nafar, 9-sinf bo‘yicha esa 89 nafar fuqarodan arizalar qabul qilindi.
Belgilangan tartibda barcha imtihonlar oʻtkazilishi taʼminlandi.
Bugun jarayonlarni oxirgi kunida nomzodlar tarix fanidan yakuniy davlat imtihonlarini topshirdilar. Imtihon jarayonlari ochiqlik, shaffoflik va xolislik tamoyillari asosida tashkil etilib, barcha ishtirokchilar uchun teng va adolatli sharoitlar yaratildi.
Shuningdek, imtihonlarning belgilangan talablar asosida o‘tishini ta’minlash maqsadida mas’ul mutaxassislar tomonidan doimiy nazorat olib borilmoqda.
Eksternat ta’lim shakli fuqarolarga o‘z vaqtida olinmagan ta’lim hujjatlarini qo‘lga kiritish, ta’limning keyingi bosqichlarida o‘qishni davom ettirish hamda mehnat faoliyatida zarur bo‘lgan hujjatlarga ega bo‘lish imkoniyatini yaratadi.
Shu bois ushbu tizim fuqarolarning ta’lim olish huquqini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati.

fargonammtb@uzedu.uz
@FVMMTB
@FarVMMTB
/fmmtb