Yangiliklar
Qo‘shtepa tumanida “Ilk rivojlanish markazi” foydalanishga topshirildi
4-iyun 2026-yil
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 14-iyuldagi tegishli qaroriga asosan, har bir tuman va shaharda “Ilk rivojlanish markazi”larni tashkil etish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Bugun Qo‘shtepa tumanida ham navbatdagi “Ilk rivojlanish markazi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Yangi muassasa tumandagi 33-son umumiy o‘rta ta’lim maktabining bo‘sh turgan binosida tashkil etildi.
Markazning ochilish marosimida Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Dolimov, tuman hokimi, mahalla faollari hamda soha mas’ullari ishtirok etdilar.
Tadbirda so‘zga chiqqan Sherzod Dolimov markazning ahamiyati, uning bolalar ta’lim-tarbiyasidagi o‘rni hamda tarbiyalanuvchilar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, mazkur markazlarni tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinmagan bolalar uchun teng imkoniyatlar yaratish, ularning jamiyatga moslashuvi va maktab ta’limiga tayyorgarligini ta’minlash, shuningdek, yosh va individual ehtiyojlarini inobatga olgan holda har tomonlama rivojlanishi uchun zarur sharoitlarni yaratishdan iboratdir.
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati.