Yangiliklar
RASMIY MUNOSABAT
15-noyabr 2023-yil
Ijtimoiy tarmoqlarda “Marg‘ilon shahar 37-ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori harakatlaridan xodimlar ham ma’naviy, ham moddiy va ruhiy tarzda aziyat chekmoqda” mazmunida tarqatilgan xabar tegishli tartibda o‘rganib chiqildi.
Marg‘ilon shahar 37-ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori ustidan tashkilot xodimlari va sobiq xodimlari tomonidan ijtimoiy tarmoqlar orqali qilingan murojaatlar joyga borib o‘rganildi.
Murojaat qilgan tashkilot xodimlari bilan alohida tartibda suhbatlashildi.
X.Toshxo‘jayeva o‘z murojaatida muassasada o‘rindosh sifatida ishlab kelishi, shu kunga qadar doimiy shtatga ega emasligini ma’lum qilib, murojaat qilgan. U 2012-yili 3-sentyabr kuni 0,5 stavka kir yuvuvchi vazifasiga o‘rindosh asosida ishga qabul qilingan.
Shuningdek, 2020-yil 15-oktyabr kungi mehnat shartnomasi bekor qilinib, 2020-yil 19-oktyabr kungi farrosh vazifasiga vaqtincha ishga qabul qilingan. Mazkur murojaat yuzasidan tashkilot direktori S.Tadjibayeva bilan suhbat o‘tkazilganda X.Toshxo‘jayevaning murojaatida keltirilgan ayblovlar asossiz ekanligini, qolaversa, xodim o‘zi lavozim majburiyatlariga sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘lishini, bir necha marotaba imkoniyati cheklangan bolalarga qo‘pol munosabatlarda bo‘lgani kuzatuv kameralariga tushib qolganligini, bu holatlar sudda ko‘rib chiqilganligini va tashkilotda xodimga mos doimiy bo‘sh ish o‘rni yo‘qligi bois, uni ish bilan ta’minlay olmasligini bildirdi.
Tashkilot tarbiyachisi O.Umarova rahbar tomonida intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgani uchun e'tiroz qilib, murojaat qilgan.
O‘rganish jarayonida tarbiyachi O.Umarova ish faoliyatida o‘ziga biriktirilgan guruh xonasida bolalarga qo‘pol muomalada bo‘lganligi hamda e’tiborsizligi oqibatida bir nafar tarbiyalanuvchi tashkilotning 2-qavat oynasidan tushib ketish xavfi yuzaga kelganligi sababli tashkilot unga nisbatan haqli intizomiy jazo qo‘llaganligi ayon bo‘ldi.
Shuningdek, O.Umarova murojaatida ko‘rsatib o‘tgan katta guruh tarbiyachisi Sh.Xoliqovaga joriy yilning 17-oktyabr kunida rahbar tegishli buyrug‘i bilan o‘rtacha oylik ish haqining o‘ttiz foizi miqdorida jarima intizomiy chorasi qo‘llanilganligi aniqlandi.
Murojaatchi M.Rasulova muassasada tarbiyachi lavozimida ishlaydi. U shu yil 25-sentyabr kuni ish haqi saqlanmagan holda ta’til so‘ragan. Tashkilot direktori tomonidan unga ta’til berilmagani iddao qilingan.
Tashkilotda pedagog-xodimlar aksariyat qismi mehnat ta’tilida bo‘lganligi sababli, pedagoglar yetishmovchiligi mavjudligini inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 241-moddasiga asosan 2023-yil 27-sentyabr kuni rahbar yozma ravishda rad javobi berganligi ma’lum bo‘ldi.
Mehnat kodeksining 241-moddasi 2-bandiga ko‘ra, ish haqi saqlanmaydigan ta’til ish beruvchi bilan kelishilgan holda berilishi nazarda tutilgan.
Shaxnoza Solijonova tashkilotda tarbiyachi lavozimida ishlagan.
Murojaatchi tashkilot direktori mehnat shartnomasini asossiz bekor qilganligini bildirgan.
Sh.Solijonova o‘ziga biriktirilgan guruh xonasida 2 nafar tarbiyalanuvchini qarovsiz qoldirishi oqibatida tarbiyalanuvchilar ko‘chaga chiqib ketganligi sababli, unga 2022-yil 5-yanvar kungi tegishli buyruq bilan intizomiy jazo chorasi qo‘llaganidan so‘ng, 2 oy ishlab o‘z xohishiga va arizasiga binoan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
Murojaatchi Nargiza Rasulova ham tashkilotda yordamchi tarbiyachi lavozimida ishlaganligi va nohaq ishdan bo‘shatilganligi yuzasidan murojaat qilgan.
O‘rganishda N.Rasulova muassasada yordamchi tarbiyachi N.Badalova 2016-yil 4-yanvardan tug‘ruq ta’tiliga chiqqanligi sababli, uning o‘rniga vaqtincha ishga qabul qilinganligi va N.Badalova 2016-yil 1-mart kunidan ishga qaytganligi sababli, N.Rasulova bilan tuzilgan vaqtincha mehnat shartnomasi bekor qilinganligi aniqlandi.
Shuningdek, Manzuraxon Shoyoqubova muassasada hovli supuruvchi bo‘lib ishlagan, mehnat shartnomasi asossiz bekor bo‘lganligidan norizo bo‘lgan.