Yangiliklar
Farg‘ona viloyatida eksternat tartibidagi imtihonlar davom etmoqda
3-iyun 2026-yil
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 1-iyundagi 295-son qarori 3-ilovasiga muvofiq, turli sabablarga ko‘ra 9 va 11-sinfni tamomlaganligi to‘g‘risidagi shahodatnomani ololmagan fuqarolar uchun eksternat tartibida yakuniy imtihonlarni topshirish imkoniyati yaratilgan.
Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Farg‘ona viloyatida ham belgilangan tartib asosida tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Farg‘ona shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 9-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi eksternat tartibidagi imtihonlarni o‘tkazish bazaviy ta’lim muassasasi etib belgilangan.
Joriy yilda 11-sinf bo‘yicha eksternat tartibida imtihon topshirish uchun 330 nafar, 9-sinf bo‘yicha esa 89 nafar fuqarodan arizalar qabul qilindi.
Ayni kunlarda imtihon jarayonlari belgilangan jadval asosida davom etmoqda.
Bunda 11-sinf bitiruvchilari 5 ta fandan, 9-sinf bitiruvchilari esa 8 ta fandan yakuniy imtihonlarni topshirmoqdalar.
Imtihonlar ochiqlik, shaffoflik va amaldagi me’yoriy-huquqiy hujjatlar talablariga qat’iy rioya etilgan holda tashkil etilmoqda.
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati.