Yangiliklar

.

Farg‘onada yana bir “Ilk rivojlantirish markazi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi

2-iyun 2026-yil
image

Maktabgacha yoshdagi bolalarni maktab ta’limiga puxta va sifatli tayyorlash, ularning intellektual, ijodiy hamda ijtimoiy ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida Beshariq tumani Yakkatut mahalla fuqarolar yig‘ini hududida navbatdagi “Ilk rivojlantirish markazi” tashkil etildi.
Markazning tantanali ochilish marosimida Beshariq tumani hokimligi mas’ullari, viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosarlari, mahalla faollari, nuroniylar hamda ota-onalar ishtirok etdilar.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar maktabgacha ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, bolalarning maktabga tayyorgarlik darajasini oshirishda “Ilk rivojlantirish markazlari”ning o‘rni va ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tdilar. Shundan so‘ng markaz faoliyatiga rasman start berildi.
Mazkur markazda mahallada istiqomat qiluvchi maktabgacha yoshdagi bolalar uchun maktabga tayyorlov mashg‘ulotlari bepul tashkil etiladi. Mashg‘ulotlar davomida bolalarning nutqiy rivojlanishi, elementar matematika, savodga tayyorgarlik, mantiqiy fikrlash, ijodiy qobiliyatlari hamda ijtimoiy moslashuv ko‘nikmalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Bu kabi markazlarning tashkil etilishi maktabgacha ta’lim tizimini yanada rivojlantirish, har bir bolaga sifatli ta’lim olish imkoniyatini yaratish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarning amaliy ifodasidir.
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati.

fargonammtb@uzedu.uz
@FVMMTB
@FarVMMTB
/fmmtb