Yangiliklar
#1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni
1-iyun 2026-yil
E’TIBOR VA G‘AMXO‘RLIK — BOLALAR BAXTI UCHUN
Bugun, 1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan bayramona xayriya tadbiri tashkil etildi.
Ma’lumki, yozning ilk kuni yurtimizda Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni sifatida keng nishonlanadi.
Ushbu sana o‘quv yilining yakunlanishi va yozgi ta’tilning boshlanishi bilan hamohang bo‘lib, barcha bolajonlar uchun quvonch va shodlikka to‘la bayram hisoblanadi.
Bu kunda turli madaniy-ma’rifiy va ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etilib, bolalarga alohida e’tibor va mehr ko‘rsatiladi.
Shu bilan birga, mazkur sana jamiyatimizga bolalar huquqlarini himoya qilish, ular uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, har bir bolaning baxtli bolalikka ega bo‘lishi va komil inson bo‘lib voyaga yetishi qanchalik muhim ekanini yana bir bor eslatadi.
Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasida nogironligi bo‘lgan, ehtiyojmand va kam ta’minlangan oilalar farzandlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan xayrli ishlar amalga oshirildi.
Boshqarma boshlig‘i Sherzod Dolimov tashabbusi bilan tizimda uyda yakka tartibda ta’lim olayotgan o‘quvchilar uchun bayram tadbiri tashkil etildi. Unda bir guruh o‘quvchilar shinam dasturxon atrofida jamlanib, ularga bayramona kayfiyat ulashildi.
Tadbir davomida 10 nafar nogironligi bo‘lgan va uyda yakka tartibda ta’lim olayotgan o‘quvchilarga ehtiyojlari uchun nogironlik aravachalari topshirildi.
Bolajonlarning yuzidagi quvonch va samimiy tabassum ushbu ezgu tashabbusning eng katta samarasi bo‘ldi desak aslo mubolagʻa boʻlmaydi.
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati.