Yangiliklar
Yurtimizda Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni keng nishonlanadi
31-may 2026-yil
1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan mamlakatimiz bo‘ylab bo‘lgani kabi Farg‘ona viloyatida ham bolajonlar uchun turli ma’naviy-ma’rifiy, madaniy-ko‘ngilochar va sport tadbirlari tashkil etilmoqda.
Mazkur sana munosabati bilan Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tizimidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim maktablari hamda ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning iste’dod va qobiliyatlarini namoyon etish hamda ularga bayramona kayfiyat ulashish maqsadida qator tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Jumladan, joylarda bayram konsertlari, sport musobaqalari, rasmlar tanlovi, kitobxonlik tadbirlari, ijodiy uchrashuvlar, ko‘rgazmalar, sayohatlar hamda turli ko‘ngilochar dasturlar tashkil etilmoqda.
Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan hamda mehrga ehtiyoji yuqori bo‘lgan bolalar holidan xabar olinib, ular uchun alohida bayram tadbirlari uyushtirilmoqda.
Yurtimizda bolalarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning sifatli ta’lim-tarbiya olishi, sog‘lom va barkamol avlod bo‘lib voyaga yetishi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sanaladi.
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati.