Yangiliklar
Fargʻona maktablarida Janubiy Koreya bilan hamkorlikda “aqlli sinflar” tashkil etiladi
11-iyun 2026-yil
Bugun Farg‘ona viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasida Janubiy Koreyaning nufuzli SeoulTech universiteti hamda “AHA Co., Ltd” kompaniyasi vakillari bilan rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
“Toshkent investitsiya forumi” doirasida mamlakatimizga tashrif buyurgan SeoulTech universiteti rektori Kim Dongxvan hamda “AHA Co., Ltd” kompaniyasi rahbari Ku Gi Do viloyat maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boshligʻi Sherzod Dolimov tomonidan qabul qilindi.
Muloqot avvalida viloyatda taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va maktablarning bugungi holati haqida so‘z bordi.
O‘z navbatida, koreyalik mehmonlar Janubiy Koreya ta’lim tizimining o‘ziga xos jihatlari, SeoulTech universitetining faoliyati va farg‘onalik yoshlar uchun mavjud imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berishdi.
Uchrashuvning asosiy maqsadi — o‘tgan yili Farg‘ona viloyati taʼlim delegatsiyasining Janubiy Koreyaga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amaliy bosqichga olib chiqishdan iborat.
Hamkorlik doirasida belgilangan ustuvor vazifalar:
Grantlar asosida o‘qitish: Farg‘onalik iqtidorli o‘quvchilarni Koreyadagi nufuzli oliy taʼlim muassasalarida grant asosida tahsil olishlarini tashkil etish;
Malaka oshirish: Viloyatdagi pedagoglar va maktab muallimlarining Janubiy Koreyada malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘yish;
"Smart" texnologiyalar: Farg‘ona maktablarida zamonaviy, interaktiv "aqlli sinf" (Smart Class) xonalarini tashkil etish;
Akademik hamkorlik: Ikki mamlakat ta’lim muassasalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish.
Uchrashuv yakunida koreyalik mehmonlarga o‘zbek xalqining boy madaniy merosi ramzi sifatida Rishton kulolchilik maktabi ustalarining qo‘l mehnati bilan tayyorlangan esdalik sovg‘alari topshirildi.
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati.