Yangiliklar
RAHBAR OʻRGANISHLARI DAVOM ETMOQDA
15-iyun 2026-yil
Bugun Fargʻona viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boshligʻi Sherzod Dolimov Furqat tumanidagi 18-, 22-, 36-sonli umumtaʼlim maktablari hamda 19-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida boʻldi.
Oʻrganishlar davomida boshqarma boshligʻi taʼlim muassasalarida oʻquvchi va tarbiyalanuvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Xususan, maktablardagi toʻgaraklar faoliyati, oʻquvchilarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish hamda taʼtilda maroqli dam olishlari uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan qiziqdi.
Shuningdek, yozgi sogʻlomlashtirish kunduzgi oromgohlaridagi jarayonlarni kuzatib, oʻquvchilar va soha masʼullari bilan suhbatlashdi.
Shu bilan birga, taʼlim maskanlarini yangi oʻquv yiliga tayyorlash borasida olib borilayotgan ishlar koʻzdan kechirilib, hududlarning obodonchiligi va tozaligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Tumandagi 18-sonli maktabda Davlat investitsiya dasturi asosida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari ham yaqindan oʻrganildi.
Soha masʼullari bilan uchrashuvda qurilish-taʼmirlash ishlarini sifatli va belgilangan muddatlarda yakunlash masalalari muhokama qilindi.
Maktabgacha taʼlim tashkilotida esa bolajonlar uchun tashkil etilgan mashgʻulot jarayonlari kuzatildi.
Muassasada tozalik, gigiyena talablariga rioya etish hamda bolalarni sogʻlom ovqatlantirish tizimini toʻgʻri yoʻlga qoʻyish boʻyicha zarur tavsiya va koʻrsatmalar berildi.
Sherzod Dolimov oʻrganish davomida aniqlangan kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish boʻyicha mutasaddilar va muassasa rahbarlariga aniq topshiriqlar berdi.
Fargʻona viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi Axborort xizmati.